Bir yil avval - 2018 yilning 27 yanvar kuni Shvetsiyaning Elmxult shahrida Ingvar Kamprad 91 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Ingvar Kamprad — nafaqat oddiylik timsoli bo‘lgan IKeA brendini yaratgan, balki o‘z biznesini yuritish bo‘yicha murakkab sxemani yaratgan inson sifatida ham yodda qolgan, deyiladi Forbes'da.
Ingvar Kamprad 1926 yilning 30 martida Shvetsiya janubidagi Smoland provinsiyasida dunyoga keldi. Bo‘lg‘usi milliarder erta bolaligida disleksiyaga yo‘liqqan bo‘lishiga qaramay, gugurt sotib, o‘zida tadbirkorlik xislatlari borligini kashf qila boshladi. Bola chegirmaga ulgurji xarid qilingan gugurtlarni qo‘shnilarga donalab sotsa, biroz pul ishlab olishi mumkinligini anglab yetgan. Shundan keyin Kamprad ko‘p tovarlar bilan savdo qilgan: mevalar, urug‘lar, baliq, yangi yil bezaklari, kantstovarlar... Savdo shuningdek pochta kataloglari orqali ham yuritilar edi. 1943 yilda 17 yoshga to‘lganida Kamprad IKEA kompaniyasiga asos soldi. Ilk ikki harf (IK) — bu tadbirkorning ismi sharifi bosh harflari, keyingilari (EA) Elmtaryd oilaviy firmasi va Agunnaryd nomlaridan kelib chiqqan. Besh yildan keyin Kamprad o‘z katalogiga mahalliy ishlab chiqaruvchilar mebelini qo‘shdi. Unga bo‘lgan talab ishbilarmonni shu qadar ta'sirlantirdiki, tez orada u butunlay uy uchun tovarlar bilan savdo qilishga o‘tdi.
IKEA effekti
Biznes o‘sib, Kamprad xodimlar yolladi. Ulardan biri — Sven Gyote Xansson — ajoyib g‘oya taklif qildi: shourum yaratish va unda mebellarni namoyish qilish. Shu tariqa Elmxult shahridagi eski ustaxona binosida birinchi IKEA markazi paydo bo‘ldi. Kamprad asta-sekinlik bilan begona mebellar savdosidan uzoqlashdi, IKEA o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ydi, o‘zi dizayn ishlab chiqdi.
IKEA xodimlaridan biri joylash va mijozga yetkazish kerak bo‘lgan stol oyog‘ini yechayotib, ajoyib g‘oyani o‘ylab topdi. Mashhur yig‘iluvchi mebel shu tariqa ixtiro qilindi, bunday mebel yetkazib berishda ko‘p joy olmasligi va tejash imkonini berishi bilan ko‘pchilikka ma'qul keldi. Xaridorlarning o‘zlariga mustaqil ravishda mebel yig‘ishni taklif qilish g‘oyasi ham aksariyat orasida ommalashdi. Birinchidan, bunda IKEA uchun yig‘ish narxi qisqarar edi. Boz ustiga, Ingvar o‘zi anglamagan holda odamlarning muhim psixologik xususiyatini kashf qildi, keyinroq olimlar buni «IKEA effekti» deb atashdi.
Ma'lum bir tovar yoki xizmatga ega bo‘lish uchun iste'molchidan qancha ko‘p sa'y-harakat kerak bo‘lsa, ular shuncha qadrlidek tuyuladi.
















