21:04 / 05.01.2019
111680

«Captiva'ni suvenir qilib, uyga olib qo‘yganman». Mirziyoyevdan sovg‘a olgan tojikistonlik dehqon bilan suhbat

​Tojikiston Respublikasi, Tursunzoda tumanida 73 yoshni qarshilagan Ne'matjon hoji ota 165 nafar mirishkorning boshini birlashtirib, katta fermer xo‘jaligi tashkil etgan. O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati chegarasidan 15 km uzoqlikda joylashgan uzumzorda hamma - Bog‘dorchilik instituti talabalari, uzoq-yaqindan tashrif buyurgan sayyohlar, mamlakat rahbari Imomali Rahmon, hatto, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mehmon bo‘lgan.  

Dehqonning aytishicha, uzumchilik bilan shug‘ullanib, ish boshlagan dehqonlarning kelib chiqishi Farg‘ona vodiysidan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi sovetlarning totalitar rejimidan panoh qidirib, shu yerlarga kelib qolgan. 

«Tumanda to‘rt-besh vodiylik oila tomorqalarda uzum qilishardi. 15-20 sotix tomorqa bo‘lardi, kichik hosildan ortgani bozorga chiqarilgan. Daromad yaxshi bo‘lib, odamlar tomorqada uzumchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Vaqt-soati kelib, katta yerlar berildi. Endi xo‘jaliklar tuzib, yerga ishlov berish tadbirlari zamonaviylashdi, texnikalar o‘zgardi, odamlar ishning sirini egallay boshladi», - deb gap boshladi Ne'matjon hoji Usmonov.   

O‘zbekiston rahbari «Vatan» dehqon xo‘jaligi rahbari bo‘lgan bu kishiga avtomashina tuhfa etgandi.

«Captiva'​ni suvenir qilib, uyga olib qo‘yganman. Prezident Surxondaryoga kelsa, albatta, borish niyatim bor. Vodiyga ilgari kam borganmiz, chunki iloji yo‘q edi. Yo‘l ochilgandan so‘ng, bir marta bordim. Qarindoshlarni ko‘rdik. Ota-bobolarimni tanigan kishilar o‘tib ketgan, yoshlar bizni ko‘rmagan. Ba'zilar bilan quda-andachilik qilamiz, shu xonadonlarga boriladi», - deya yaxshilanayotgan do‘stlik aloqalarini olqishlaydi u.

Xo‘jalik Tojikistondagi Qishloq xo‘jaligi instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, mamlakatda Bog‘dorchilik instituti bo‘lib, ular bilan ham hamkorlik qilinadi. Institut talabalari bu yerga ish o‘rgangani, tajriba uchun kelishadi. 

«Yosh o‘qituvchilarni olib kelishadi. O‘zim yaqindagina So‘g‘d viloyatiga borib, 5ta tumanda fermer-dehqonlarga seminarlar o‘tib berdim», - deb aytgan u.  

Fermer xo‘jalikning 105 gektar yer maydoniga otaning o‘g‘li Rasuljon rahbarlik qiladi. 

«Men bosh direktorman», - deb kuladi ota. 

«Ikkinchi xo‘jaligimiz esa 25 gektar yer bilan «Vatan» deb ataladi. U yerda, asosan, ko‘chatchilik bilan, shuningdek, tokchilik, poliz ekinlarini yetishtirish bilan shug‘ullanamiz. Talabga javob beradigan, tashishga qulay, serhosil va shirin ta'mga ega, iqlimga chidamli uzumlarning 5-6 turi yetishtirilmoqda», - deydi fermer.  

Ma'lum qilinishicha, Tursunzoda tumanida 3 ming gektardan ortiq maydonda uzumzor tashkil etilgan. Bu maydonlarda yetishtirilgan hosilning 30 foizi ichki bozorni ta'minlashga yetadi. Uzum hosilining qolgan qismi Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Afg‘oniston va Pokistonga eksport qilinadi.  

«Mamlakat bo‘yicha mavjud yerlar aholiga taqsimlangan. Yer egalari dehqon xo‘jaligi tashkil etib, yakka mehnat qilishi yoki katta xo‘jalikka birikib, jamoaviy ishlashi mumkin. Katta xo‘jalikka birikkanlar o‘z yerida ishlaydi, o‘sha yerdan hosil oladi. Unga birikkan a'zolar aksionerdek gap. Masalan, 1 gektar yerdan 30-35 tonna uzum hosili olinsa, ishlab topilgan pul umumiy hisobga tushiriladi. Daromadning 10 foizi ishchilarning o‘ziga maosh sifatida tarqatiladi. Shu pullardan soliqlar to‘lanadi. Xo‘jalik daromadidan texnikalarni yaxshilash, suv chiqarish amalga oshiriladi. Umumiy daromadlarimiz hisobidan 3 km yo‘lni asfalt qilib, atrofni obodonlashtirdik. Kam ta'minlangan oilalarga yordam qilinadi. Qishloq ko‘chalarini yoritish, maorifga yordam qilish masalalari ham umumiy daromadlarimiz hisobidan bajariladi. Bizda mehnat muhojirotida yurganlar yo‘q, qishloqdagilar shu yerda ish bilan ta'minlangan», - deydi u. 

Bog‘ni tashkil etish ishlari 90-yillar so‘nggidan boshlandi. Ne'mat hoji Usmonov rahbarlik qilayotgan xo‘jalik esa 2011 yilda tashkil etilgan.

«Mahsulotni saqlash uchun 600 tonna sig‘imli muzxona mavjud. Kuzga borib dehqonlar o‘ylanib qoladi: ob-havoga qarasa, tabiat qovoq uygan, hosilni birdan yig‘ib, sotish imkonsiz. Shuning uchun, katta sig‘imli sovutkichlarni qurish daromadni yanada oshiradi. Hosilni qayta ishlashni endi yo‘lga tushiryapmiz. Biz yetishtirgan uzumning ba'zi turlaridan yaxshi mayiz quritsa bo‘ladi. Samarqandlik ishbilarmonlar bu ishni allaqachon boshlashgan. O‘zbekistonda uzum ko‘p, shuning uchun hosilning o‘zidan uzumni qo‘shni davlatga eksport qilish qiyin», - deya rejalari haqida gapirdi ota. 

U ajdodlari asli vodiydan, Farg‘onaning Oltiariq tumanidan bo‘lgani, bobosi eski davrda Oltiariqning mohir dehqonlardan biri bo‘lgani haqida eslaydi. 

«Ocharchilik yillari muhtoj kishilarga qo‘ldan kelgancha yordam qilib yurgan. Falakning gardishi bilan ular quloq qilinib, mulklari tortib olinadi. Ular jonini saqlash uchun shu yerlarga kelib, o‘rnashib qolishgan. Biz shu yerda tug‘ilganmiz», - deydi mirishkor dehqon.  

U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga ta'rif berib, prezidentlar haqida gapirdi. 

«Xalqparvar, diyonatli prezidentlarni Xudo yubordiki, siz va bizning baxtimiz bo‘ldi. Chegara 15 km masofada joylashgan. Kimningdir qudasi chegaraning u tarafida edi. Bu tarafda ularning qizi boshqa oilaga kelin bo‘lgan. Shu oilalar marosimlarda ham bir-birinikiga borolmadi, o‘tolmadi».

2018 yilning 14-21 dekabr kunlari «Tojikiston — XXI asr» mustaqil jurnalistika maktabi tomonidan o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Tojikistonga tashkil qilingan press-tur tafsilotlari haqida yana boshqa maqolada o‘qishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top