O‘zbekiston | 19:18 / 07.01.2019
7346
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekenergo” AJ va uning korxonalari hamda issiqlik ta'minoti korxonalariga subsidiyalar ajratiladi

“Tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishi sharoitida iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston prezidentining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan “O‘zbekenergo” AJ va uning korxonalariga - tabiiy gaz xarajatlari qismini qoplash uchun, issiqlik ta'minoti korxonalariga - aholi uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.

Qaror ilovasida belgilanishicha, “O‘zbekenergo” AJ va uning korxonalariga jami 354 mlrd so‘m miqdorida subsidiyalar ajratiladi. 

“O‘zbekenergo” AJ korxonalariga ajratiladigan subsidiyalar tabiiy gaz bo‘yicha qarzlarni to‘lashga yo‘naltiriladi. Bunda “O‘zbekenergo ” AJ korxonalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tariflarini shakllantirish 2018 yil 16 noyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davr mobaynida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmiga mos ravishda subsidiya summasini chegirgan holda amalga oshiriladi.

“O‘zbekenergo” AJga Ajratiladigan subsidiyalar Davlat budjetidan ajratilgan budjet ssudasini to‘lashga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, issiqlik ta'minoti korxonalariga 301 087,3 mln so‘m miqdorida subsidiyalar ajratiladi. Izoh berilishicha, bunda Davlat budjetidan issiqlik manbai korxonalariga ajratiladigan subsidiyalar summasi aholiga amalda sotiladigan issiqlik energiyasi hajmlaridan kelib chiqqan holda aniqlashtiriladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid