Jahon | 16:02 / 14.01.2019
10309
2 daqiqa o‘qiladi

10 yillik tanaffus. Belarus va AQSh elchilarni o‘zaro qaytarmoqchi

Foto: ITAR-TASS/Anton Novoderejkin

Belarus va AQSh o‘zaro diplomatik aloqalarni kengaytirish, jumladan, elchilarni qaytarish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda 14 yanvar, dushanba kuni respublika tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar «muammoli masalalarning barcha yo‘nalishi bo‘yicha», shu jumladan, «har ikki mamlakatda diplomatik aloqalarni kengaytirish istiqbollariga aloqador» muzokaralar olib bormoqda.

«Biz har ikki tomon elchilar darajasida taqdim etilishiga oid pozitsiyadan kelib chiqqan holda, o‘zaro hamkorlikni qanday rivojlantirish kerakligi haqida muzokaralar olib bormoqdamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi Makey.

2008 yilda AQShning Minskdagi elchixonasi diplomatik shtati 35 kishidan 5 kishigacha qisqartirildi. Minsk Vashingtondan elchisini chaqirtirib oldi va amerikalik elchiga respublikani tark etishni tavsiya qildi. Ikki mamlakat vakolatxonalariga vaqtinchalik ishonchli vakil rahbarlik qilib keldi. Shu tariqa Belarus hukumati AQSh inson huquqlari buzilgani uchun unga nisbatan qo‘llagan iqtisodiy sanksiyalarga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga kirishgandi.

Belarus TIV va AQSh Davlat departamenti rahbariyati o‘rtasida so‘nggi vaqtlar ichida bir necha telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda 11 yanvar, juma kuni Belarus tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz xabar bergan.

Diplomat so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar Belarus-Amerika munosabatlarining turli jihatlarini muhokama qildi. «Diplomatik etika qoidalariga ko‘ra, bu suhbatlarning batafsil mazmuni oshkor qilinmaydi», - deya tushuntirdi u.

Mavzuga oid