Global falokatning yaqinlashish tezligi ortdi
Irvayndagi (AQSh) Kaliforniya universiteti olimlarining aniqlashicha, Antarktida hozirgi vaqtda qirq yil avvalgiga qaraganda olti marta ko‘proq muzni yo‘qotmoqda. Erishning tezlashishi kelgusi o‘n yillikda dengiz sathi darajasi avvalgi taxminlardan ham tezroq ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Tadqiqotchilar maqolasi Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida e'lon qilingan.
1979-1989 yillar orasida Antarktika har yili 40 milliard tonna muz yo‘qotgan. 2009 yildan boshlab bu ko‘rsatkich 252 milliard tonnaga yetdi. Shu bilan birga, dengiz sathi darajasining bir millimetrga oshishi uchun 360 milliard tonna muz kerak bo‘ladi. Olimlar so‘ziga ko‘ra, hatto Janubiy qutbning eng barqaror hisoblangan hududlari ham global isish oldida ojiz qolgan.
Tadqiqotchilar yangi ma'lumotlar parnik gazlar chiqarilishi keskin qisqartirilmasa, iqlim o‘zgarishining fojiali oqibatlari bo‘yicha taxminlarni yomonlashtirayotganidan tashvishda. Ekstremal ob-havo sharoitlaridan tashqari, jumladan, tez-tez qurg‘oqchilik, jazirama issiq, qattiq po‘rtana va bo‘ronlar bilan birga, 2100 yilga kelib dengiz sathi darajasi bir metrga ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu Maldiv va Seyshel orollari, qator yovvoyi hayvonlar yashash joylari suv ostida qolishi hamda chuchuk suv manbalari yo‘qolishiga olib keladi. XX asr boshidan beri dengiz sathi darajasi taxminan 20 santimetrga ko‘tarilgan.
Antarktikadagi barcha muzliklarning erishi dengiz suvi 57,2 metrga ko‘tarilishiga olib keladi. Muzliklarning yo‘qolishi katta muz qatlamlari qisman okeanda joylashib, nisbatan iliq suvga tegib turishi tufayli yuz beryapti. Odatda, bu jarayon qattiq yog‘ingarchilik bilan qoplanadi, ammo erish tezlashganda muz qatlamining yo‘qolishi yog‘ayotgan qor hajmidan oshadi. 1979 yildan boshlab Payn Aylend muzligi trillion tonnadan ortiq muz yo‘qotdi, Tueyts muzligi esa - 634 milliard tonna. Eng katta miqdorda muz mavjud bo‘lgan Sharqiy Antarktida ham iqlim o‘zgarishidan ta'sirni qabul qilib olmoqda. Kuk, Ninnis va Denman muzliklarida erish kuzatilyapti. Denman muzligi deyarli 200 milliard tonna muz yo‘qotdi, qolganlari esa dengiz sathini 1,5 metrga ko‘tarish uchun yetarli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antarktidadagi barqaror muzliklar erishni boshlagani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
13:36 / 08.11.2024
2024 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lishi kutilyapti
18:18 / 06.11.2024
Shaharni salqinlatish uchun qancha daraxt kerak? Olimlar javob berdi
14:08 / 05.11.2024