Jahon | 19:22 / 16.01.2019
6927
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma'muriyati yana 50 mingga yaqin kishini oylik olmasdan ishlashga chaqirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati ichki daromadlar xizmati (soliq)ning 46 ming nafar xodimini "shatdaun" vaqtida oylik olmasdan ishlashga chaqirdi. Bu haqda mamlakat moliya vazirligining bayonotida ma'lum qilindi.

Hujjatdan ma'lum bo‘lishicha, "shatdaun" davrida xizmatning jami xodimlari soni 80265 kishini tashkil etgan. Ularning yarmidan ko‘pi pul to‘lanmaydigan ta'tildan chaqirib olingan.

The Washington Post gazetasining yozishicha, gap bevosita soliq kompensatsiyalari to‘lovi uchun javobgar amaldorlar haqida bormoqda.

Bundan tashqari, parvozlar xavfsizligini ta'minlash hamda mahsulotlar va dorilar nazorati uchun javobgar bo‘lgan bir necha ming davlat xizmatchisi ham ishga chaqirib olingan.

Avvalroq AQSh sohil qo‘riqlash xizmati harbiylari "shatdaun" bois oylik maosh ololmasliklari xabar qilingandi.  

Shatdaun — AQSh federal hukumati ishining vaqtincha to‘xtatilishi 22 dekabrdan buyon davom etmoqda. Bunga demokratlar va respublikachilarning Meksika bilan chegarada devor qurilishi sababli budjet borasida kelisha olmaganliklari sabab bo‘ldi. Respublikachilar bu maqsad uchun 5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratilishini qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, demokratlar 1,3 mlrd dollarga rozi bo‘lishmoqda.

Ayni vaqtda ichki ishlar, qishloq xo‘jaligi, uy qurilishi va shaharni rivojlantirish, savdo, milliy xavfsizlik va moliya vazirliklari, davlat departamenti moliyalashtirishsiz qoldi.

Mavzuga oid