O‘zbekiston | 08:52 / 22.01.2019
12948
4 daqiqa o‘qiladi

Pullik operatsiyalar monitoringi: kim nima uchun javob beradi?

Foto: Pinterest

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 179-3-moddasiga tuzatish kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
O‘zbekiston jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida bir qator xalqaro bitimlar va tashkilotlarga a'zo hisoblanadi. Masalan, biz «Egmont» guruhiga va tegishli Yevrosiyo guruhiga kiramiz. Bu xalqaro huquq normalari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishini taqozo qiladi. Xususan, mamlakatimizda «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun amal qiladi, bu turdagi qilmishlarni sodir etganlikda ayblanganlar esa jinoiy ta'qib ostiga olinadi (JKning 155-3, 243-moddalari).
 
Ko‘rsatilgan choralar lozim darajada qo‘llanishi uchun jinoyatlarning erta oldini oluvchi va ularni bartaraf etuvchi ta'sirchan mexanizmlar zarur. Shu sababli pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi barcha tashkilotlar (banklar, kredit, auditorlik, sug‘urta, rieltorlik, lizing tashkilotlari, advokatlik tuzilmalari, notarial idoralar va h.k.) ichki nazorat bo‘linmalarini tashkil etib, aniqlangan gumonli yoki shubhali operatsiyalar haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar berishlari shart. Ushbu jarayonning aniq mexanizmlari va mezonlari tartibga soluvchi hujjatlarda (ichki nazorat qoidalarida) ko‘rsatilgan.  
 
Ushbu mexanizmlarni buzganlik uchun ham sanksiya belgilangan, biroq bunda «yengilroq» ma'muriy jazo qo‘llaniladi. Bunda MJTKning 179-3-moddasi haqida so‘z bormoqda, unda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan. Aynan unga tuzatishlar kiritildi.
 
Ushbu modda dispozitsiyasi kengaytirildi, endi quyidagilarni qamrab oladi:

• ichki nazoratni, mijozlarni lozim darajada tekshirish natijalarini hujjatlashtirish va saqlashni; tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash va hujjatlar bilan qayd etishni tashkil qilish va amalga oshirishga doir talablarni buzish;
• operatsiyani amalga oshirishni rad etish;
• maxsus vakolatli davlat organiga shubhali operatsiyalar haqidagi axborotni taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etganlik;
• qonun hujjatlari talablarining pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yishga yoki operatsiyalarni to‘xtatib turishga oid qismini ijro etmaslik.
 
Buning uchun belgilangan jarima oshirilib, EKIHning 15 baravaridan 30 baravarigacha (ilgari – EKIHning 10 baravaridan 15 baravarigacha) miqdorni tashkil etadi.
 
Bundan tashqari, moddaga huquqbuzarlikning qo‘shimcha tarkibi kiritildi. Quyidagi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan nazorat qiluvchi, litsenziyalovchi va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar unga ko‘ra javobgarlikka tortiladi:

• ichki nazorat qoidalariga rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni amalga oshirishning belgilangan tartibini buzish
• jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish munosabati bilan tijorat, bank sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni g‘ayriqonuniy ravishda talab qilish, olish yoxud oshkor etish.
 
Ko‘rsatilgan qilmishlari uchun huquqbuzarlarga EKIHning 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
 
Yuqorida (MJTKning 179-3-moddasi 1 va 2-qismlarida) nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, yanada yuqori – EKIHning 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Qonun 16.01.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid