O‘zbekiston | 12:12 / 23.01.2019
25286
2 daqiqa o‘qiladi

Klasterlar faoliyatidagi tizimli muammolar ma'lum bo‘ldi

Foto: Flickr

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi klasterlari hamda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa yo‘nalishlardagi klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda o‘z yechimini kutayotgan tizimli muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatgan, xususan:

birinchidan, klasterlar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan hamda ularning muammolarini tezkor hal etishga amaliy yordam ko‘rsatuvchi yagona tizim mavjud emas;

ikkinchidan, mahalliy hokimliklar tomonidan klasterlar uchun yer maydonlarini o‘z vaqtida ajratilishida muammolar mavjud;

uchinchidan, klasterlarning aylanma mablag‘lari yetishmasligi sababli ular tomonidan qo‘shimcha mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni import qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda;

to‘rtinchidan, banklar tomonidan klasterlarga kredit mablag‘lari ajratilishi uchun bo‘lg‘usi hosilni garovga qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan;

beshinchidan, g‘o‘zani vegetatsiya davrida sug‘orish ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilishiga suv va elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda;

oltinchidan, klasterlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan texnik chigitni O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birja savdolari orqali sotishda cheklovlar mavjud.

Mavzuga oid