O‘zbekiston | 10:19 / 26.01.2019
13030
4 daqiqa o‘qiladi

Budjet tashkilotlari uchun yangi interaktiv xizmat ishga tushirildi - Moliya vazirligi

Budjet tashkilotlari uchun yangi interaktiv xizmatlar ishga tushirildi, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Davlat budjeti bosh boshqarmasi Axborot hisoblash markazi bilan birgalikda Davlat budjeti ijrosi jarayonini yanada avtomatlashtirish, budjet tashkilotlari va moliya organlari o‘rtasidagi elektron hujjatlar almashuvini ta'minlash va qog‘oz shakldagi hujjatlardan bosqichma-bosqich voz kechish yuzasidan qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, «UzASBO» dasturiy majmuada budjet tashkilotlari tomonidan xarajatlar smetalarini elektron shaklda shakllantirish va moliya organlariga taqdim etish moduli ishga tushirildi. 

2019 yil uchun vaqtinchalik xarajatlar smetalari budjet tashkilotlari tomonidan elektron shaklda tasdiqlanib, moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bunda ushbu jarayon tashkilotlarning moliya organlariga kelmasdan to‘liq elektron aloqa orqali amalga oshirildi.

Bunda Dasturning o‘zi avtomatlashgan tarzda vaqtinchalik xarajatlar smetalarida nazarda tutiladigan mablag‘lar miqdorini Budjet kodeksining 104-moddasiga muvofiq, o‘tgan moliya yilining oxirgi choragidagi budjetdan ajratiladigan mablag‘lar miqdoridan ortib ketmasligini nazorat qiladi.

Natijada moliya organlari tomonidan xarajatlar smetasini dasturiy majmuaga kiritish (15-20 daqiqa), tashkilotlarning moliya organlariga kelib ketishi va boshqa jarayonlar qisqardi.

2019 yilgi doimiy xarajatlar smetalari ham shu tartib asosida elektron shaklda shakllantirish va ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, «UzASBO» dasturiy majmuasida budjet tashkilotlarining tarmoq, shtat va kontingentlari bo‘yicha rejasi va uning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni elektron shaklda moliya organlariga taqdim etishni ta'minlovchi yangi modul ishlab chiqildi.

Bunda, yaratilgan dasturda tarmoq, shtat va kontingent to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlar avtomatik tarzda jamlanishi hamda pul mablag‘lari oqimi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rsatkichlari bilan taqqoslanishi natijasida mehnat sarfi va har yili yuzaga keladigan xatoliklar keskin qisqaradi.

2018 yil uchun hisobotlar ushbu dastur yordamida haqiqiy ko‘rsatkichlar asosida shakllantiriladi va tashkilotlarning moliya organlariga kelib hisobot topshirishiga ehtiyoj qolmaydi.

Bundan tashqari, budjet tashkilotlarining shtatlar jadvallarini shakllantirish, tasdiqlash hamda moliya organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha ham maxsus modul ishlab chiqildi.

Shtat jadvalini tuzishda qog‘oz shakldagi normativlardan voz kechiladi hamda shtat birliklari lavozimlarning klassifikatori asosida shakllanadi. Buning natijasida tasdiqlash jarayonida tashkilotlar tomonidan ortiqcha rejalashtirish va hisob-kitoblar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan xatoliklar qisqaradi.

Birinchi navbatda joriy yilning 1 fevraliga qadar Moliya vazirligining shtat jadvali «UzASBO» dasturiy majmuasida elektron shaklda tasdiqlanishi ta'minlanadi.

Dastlabki bosqichda maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari hamda qishloq vrachlik punktlarining shtatlar jadvallarini (jami budjet tashkilotlarining 60 foizi) elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni yaratildi.

Buning natijasida bir xil turdagi tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning mehnatga haq to‘lash razryadlari va ustamalar miqdorlari bir xillashtirib, ortiqcha to‘lovlar hajmi kamayadi. 

Dasturiy majmuada budjet tashkilotlardagi shtat birliklarini to‘ldirilishi va bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar onlayn rejimda kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Mavzuga oid