Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Statistika qo‘mitasi: aholining umumiy daromadlari 10 foizga o‘sdi
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning yanvar-dekabr holatiga aholi umumiy daromadlari 286,3 trln. so‘mni, bir kishiga o‘rtacha hisoblaganda 8,7 mln. so‘mni tashkil etdi. Aholi jon boshiga real umumiy daromadlari - 7,3 mln so‘m.
Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, iste'mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yil mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlari real o‘sish sur'ati 10,3%ni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 8,4%ni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (16,2 mln so‘m) hamda Navoiy (13,5 mln so‘m), Buxoro (10,8 mln so‘m), Xorazm (9,1 mln so‘m) va Toshkent (9 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi. Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,3 mln so‘m) va Namangan viloyatida (6,8 mln so‘m) qayd etildi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Surxondaryo va Xorazm viloyatlariga (11,3%) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Jizzax (11,1%), Buxoro (9,9%) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,5%) hamda Farg‘ona (9,2%), Navoiy (8,8%) va Samarqand (8,5%) viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan.
Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 71,1% ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 23,5%ni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.
Hududlarning aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning (yollanib ishlovchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) eng yuqori ulushi Navoiy (84,2%) viloyatida kuzatildi. Aksincha, Toshkent shahri, Xorazm, Samarqand, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi. Shuningdek, Xorazm viloyatida transfertlardan olingan daromadlar aholi umumiy daromadlariga nisbatan 30%dan yuqori ulushni tashkil etdi.
2018 yilning yanvar-dekabr oylarida mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur'ati 26,0%ni tashkil etdi. Aholi umumiy daromadlari hajmida ushbu daromad manbai katta ahamiyatga ega bo‘lib, uning ulushi 44,8%ni tashkil etdi. Hududlarda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning ulushi turlicha va 17,4%dan (Toshkent shahrida) 61,7%gacha (Jizzax viloyatida) o‘zgarib turadi. Mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning hudud aholi umumiy daromadlari tarkibidagi 50% dan yuqori ulushi Buxoro (52,2%), Surxondaryo (52,0%), Andijon va Sirdaryo (50,5%) hamda Samarqand viloyatlarida (50,3%) kuzatildi.
O‘tgan davr mobaynida pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘zgarishi aholi umumiy daromadlarining 2,3%ga o‘sish imkonini berdi. Ijtimoiy transfertlarning o‘sishiga uning tarkibida 82,8% ulushga ega bo‘lgan pensiyalar ta'sir ko‘rsatdi.