O‘zbekiston | 14:54 / 27.01.2019
5169
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat boshqaruvi akademiyasida Xalq qabulxonalari mudirlari bilim va malakasini oshirmoqda 

Foto: Xalq bilan muloqot

O‘zbekiston prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida Xalq qabulxonalari xodimlari uchun maxsus malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi.

Malaka oshirish kurslari 5 kunlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlaridan iborat bo‘lib, unda Prezident Administratsiyasining mas'ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha Xalq qabulxonalarining mudirlari 10 ta guruhga bo‘lingan holda o‘z bilim va malakasini oshirmoqda. 

“Malaka oshirish kurslarida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, aholi muammolari bilan ishlash tizimini va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o‘rganish tartibi, “Hudud” axborot tizimini qo‘llash choralari kabi turli mavzular keng o‘rganilmoqda. Mashg‘ulotlarda “aqliy hujum”, kichik guruhlarda ishlash, jamoaviy muhokama, taqdimot kabi interfaol usullardan foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda”, deyiladi “Xalq bilan muloqot” guruhi xabarida. 

Foto: Xalq bilan muloqot

Qayd etilishicha, o‘quv kurslarida Xalq qabulxonalari faoliyatini yangicha asosda tashkil etish, ularning sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash masalasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, ishchi guruh – jamoani shakllantirish va uning samarali ishlashini tashkil qilish, taym-menejmentni amalda qo‘llash – har bir soniyadan unumli foydalanish, aholi muammolari bilan ishlash uchun har tomonlama kuchli tayyorlanish, aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish usullari kabi mavzularga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.  

Foto: Xalq bilan muloqot

Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari Olmazor tumani 3-sektor shtabida ishlarning tashkil etilishi yuzasidan sayyor amaliy seminarda ham ishtirok etdilar. Seminarda aholi murojaatlari bilan ishlashning sektorlarda yo‘lga qo‘yilgan vertikal mexanizmi, eng chekka hududlarda uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish, hududlarda aniqlangan muammolarni hal qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish kabi mavzular Olmazor tumani 3-sektor shtabi faoliyati misolida o‘rganildi.

Mavzuga oid