O‘zbekiston | 16:28 / 28.01.2019
7532
5 daqiqa o‘qiladi

Malayziya, Tailand va Pokiston fuqarolari Xorazm viloyatiga ziyorat safarini amalga oshiradi

Malayziya, Tailand va Pokiston mamlakatlaridan Xorazm viloyatiga ziyorat turizmi bo‘yicha sayyohlik guruhlari tashrifini amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Kun.uz muxbiri viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori v.b Azizbek Polvonov bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Foto: Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti

23-26 yanvar kunlari Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Malayziya davlatining Kuala-Lumpur shahrida xizmat safari bilan bo‘ldi. Safardan maqsad - Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 29-30 noyabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va 30 noyabr kuni Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi yig‘ilishi bayonining (05.12.2018y, 22531-xx) 38-bandiga asosan sanoat, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda Malayziyaning yetakchi tajribalarini o‘rganib, viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xorijiy sayyohlarni jalb qilish.

Tashrif davomida viloyat hokimligi vakillari Malayziyaning qator yetakchi korxonalari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazib, turizm sohasida muayyan kelishuvlarga erishdi. Xususan, Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti va viloyat sayyohlik tashkilotlari bilan Malayziya turistik kompaniyalari va turoperatorlari uyushmasi (MATTA) va «POTO Travel & Tours (M) Sdn. Bhd.», «Best Holidays Tour (M) Sdn. Bhd.» kabi yirik sayyohlik tashkilotlari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Foto: Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti

Ma'lumot uchun: Malayziyaning turistik kompaniyalari va turoperatorlari uyushmasi 1975 yilda tashkil topgan bo‘lib, Malayziyaning 3100 ta turistik kompaniyasini birlashtiradi.

Muzokaralar davomida Malayziya turistik kompaniyalari va turoperatorlari uyushmasi vitse-prezidenti Sintia Tan xonim bilan viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori v.b. Azizbek Polvonov o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Hujjatga asosan, joriy yilning mart oyi oxirida Xorazm viloyatiga 10dan ortiq yirik sayyohlik tashkiloti, OAV vakillari va blogerlarining tashrifini amalga oshirish, shuningdek, Xorazm viloyatining turistik kompaniyalari vakillarining 2019 yil 18 mart kuni Kuala-Lumpur shahrida o‘tkaziladigan «MATTA TRAVEL MART 2019» turistik yarmarkasida ishtirok etishlarini ta'minlash belgilab olindi hamda Malayziya turistik kompaniyalari va tur operatorlari uyushmasi tomonidan ushbu turistik yarmarkaga viloyat sayyohlik tashkilotlari tashrifini amalga oshirish bo‘yicha taklifnomalar taqdim qilindi.

Foto: Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti

Shuningdek, ushbu ushrashuvda O‘zbekistonning, jumladan Xorazm viloyatining ziyorat turizm yo‘nalishidagi turistik salohiyatini Malayziya fuqarolari orasida targ‘ibot qilish masalasi muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, muzokaralar natijasida “Expert Navigator” MChJ (O‘zbekiston) bilan Malayziyaning «POTO Travel & Tours (M) Sdn. Bhd.» va «Best Holidays Tour (M) Sdn. Bhd.» turistik kompaniyalari o‘rtasida Malayziyadan Xorazm viloyatiga sayyohlar tashrifini doimiy ravishda amalga oshirishga doir bir nechta shartnoma imzolandi.

Xizmat safari davomida viloyat turizm sohasi vakillari bilan Malayziyaning turizm sohasida investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «YB Priorities Sdn. Bhd.» kompaniyasi va Malayziyada turizmni rivojlantirish kengashi “Tourism Development Board of Malaysia”rahbarlari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Foto: Xorazm viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti

Malayziyada turizmni rivojlantirish kengashi (Tourism Development Board of Malaysia) direktori o‘rinbosari Rosno Mustafa bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan Xorazm viloyatining turistik salohiyati va madaniy tarixiy merosi taqdimoti o‘tkazildi.

“Ushbu uchrashuvlar davomida Malayziya tomonining alohida qiziqishi O‘zbekiston, xususan Xorazm viloyati bilan diniy, gastronomik, ekologik, madaniy-tarixiy va ta'lim sayyohlik yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga qaratildi, viloyatning muqaddas joylariga malayziyaliklar sayohatlarini uyushtirish va O‘zbekistonning islomiy qadriyatlari bilan ularni tanishtirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida Malayziyada turizmini rivojlantirish kengashi (Tourism Development Board of Malaysia) direktori o‘rinbosari Rosno Mustafa bilan viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti o‘rtasida Malayziyaning yirik ishbilarmon va salohiyatli investorlarining Xorazm viloyatiga tashrifi, mintaqada istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish va Malayziya kompaniyalari tomonidan viloyatning turizm sohasi sub'yektlari xodimlari uchun malaka oshirish kurslari va seminarlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi”, - deya ma'lum qiladi viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori v.b Azizbek Polvonov.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid