Jamiyat | 20:39 / 28.01.2019
6305
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 20 oilaning nikoh guvohnomasi rasmiylashtirildi 

Toshkent viloyatida 20 ta oilaga nikoh guvohnomasi rasmiylashtirib berildi, 15 nafar ayolga mehnat daftarchasi topshirildi va 5 ayol imtiyozli kredit uchun  sertifikatni qo‘lga kiritdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri. 

28 yanvar kuni viloyatning Yangiyo‘l tumanida O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5325-sonli farmoni ijrosi yuzasidan amaliy seminar o‘z ishini boshladi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika  Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva va viloyat hokimligi vakillari  ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, bugun Respublikada mazkur farmon ijrosi yuzasidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolliklarini oshirish, og‘ir turmush sharoitidagi oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash va tadbirkorlikka jalb etish, oilaviy-maishiy turmushdagi zo‘ravonliklar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar yangi tizimda olib borilmoqda.

Bugungi seminarning ӯziga xosligi shundaki, aynan Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan  vazifalar amaliy ijrosi bilan kӯrsatib berildi. Masalan, Xotin-qizlar qo‘mitasining boshlang‘ich  tashkilotlarining samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan quyi tizimlarda ayollarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlab, hal qilish imkoniyatini tezlashtirish mumkin.

Seminar ishida "Shoirabegim Art Dizayn" MChJ boshlang‘ich Xotin-qizlar faoliyati o‘rganilib,  korxona negizida ӯquv markazi va tikuv sexi ishga tushirildi. 

Tumanning 74 nafar faol, faxriy, rahbar, deputat ayollariga 274 nafar xotin-qiz zaxira kadr sifatida biriktirildi.

Shuningdek, amaliy seminar davomida oilalar mustahkamligini ta'minlash va oilaviy munosabatlarni yaxshilash maqsadida, qonuniy nikohi rasmiylashtirilmagan 20 ta oilaga nikoh guvohnomalari rasmiylashtirib berildi.

15 nafar ayolga tomorqadan samarali foydalanishni o‘rgatish orqali bandligi ta'minlanib, mehnat daftarchalari topshirildi hamda "Hunarmand" uyushmasi bilan hamkorlikda "Ustoz-shogird" an'anasi asosida hunarmandchilik faoliyatini boshlayotgan 20 nafar xotin-qizga guvohnomalar tarqatildi. 

Tadbir davomida Respublika Xotin-qizlar qӯmitasi va tijorat banklari hamkorligida tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz xotin-qizlarning 5 nafariga imtiyozli kredit olish uchun sertifikat topshirildi.

Mavzuga oid