O‘zbekiston | 18:18 / 31.01.2019
23692
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahridagi mahalla va ichki ishlar bo‘limiga bordi

Prezident Jizzax shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida bo‘lib, hududda qurilishi rejalashtirilayotgan uy-joylar, ijtimoiy obektlar, obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jizzax shahrini obodonlashtirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Shahar bosh rejasiga ko‘ra, Kimyogar, Ittifoq mahallalarida, Mustaqillik ko‘chasida 5 va 7 qavatli uylar quriladi, ular atrofida savdo majmualari, klinika, mehmonxona hamda mahalla idoralari qad rostlaydi. Ayni paytda qurilish boshlab yuborilgan. Ular 2022 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Jizzaxda turizmni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat, qulay tabiiy sharoit mavjud. Sayyohlarda dastlabki taassurot esa shahar temir yo‘l vokzalidan boshlanishi tabiiy.

Shu maqsadda Jizzax temir yo‘l vokzali tubdan rekonstruksiya qilindi. Barcha zarur sharoitlar yaratilgan vokzaldan chiqish bilan Mirzo Ulug‘bek mahallasi boshlanadi.

Bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bajarilmoqda.

Xususan, vokzal va Toshkent ko‘chasini birlashtiruvchi hududda 13 ta 894 xonadonga mo‘ljallangan 7 qavatli uy qurilmoqda. Bu uylar yangi ko‘chaning ikki chetida joylashadi, atrofi obodonlashtirilib, o‘ziga xos chiroyli landshaft hosil qiladi.

Jizzax shahrida viloyat qo‘g‘irchoq teatri quriladi. 250 yosh tomoshabinga mo‘ljallangan mazkur maskan joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi maqsad qilingan.

Buning uchun 12 milliard 700 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

Davlat rahbariga viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, shahar oqova suv tizimini yaxshilash borasidagi ishlar haqida ma'lumot berildi.
 
Prezident aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash eng muhim masalalardan biri ekanini ta'kidladi. Rejadagi ishlarni tez va sifatli bajarish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Loyihalar taqdimotida mamlakat avtomobil yo‘llari atrofini ko‘kalamzorlashtirish, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ham ma'lumot berildi.

Davlat rahbari Jizzax shahridagi 3-sonli ichki ishlar bo‘limida ham bo‘lib, o‘tgan yilgi topshiriqlar ijrosini ko‘zdan kechirgan.

Mavzuga oid