O‘zbekiston | 14:55 / 03.02.2019
13821
3 daqiqa o‘qiladi

Zebigardondan so‘zanagacha: «Umrboqiy zargarlik» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

31 yanvar – Xalqaro zargarlik kuni munosabati bilan amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida «Umrboqiy zargarlik»​ ko‘rgazmasi ish boshladi. 

Unda o‘tgan XIX – XX asrga tegishli, Toshkent, Xorazm, Buxoro, Farg‘ona zargarchilik maktablarining original ko‘rinishga ega namunalari namoyish etilmoqda.

Hunarmandlar uyushmasi a'zosi, zargar Alzar Boboyev zargarlik tarixi haqida qiziqarli ma'lumotlar bo‘yicha ma'ruza   va taqinchoq yasash jarayonidan master klass o‘tib berdi.

Hunarmandning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek milliy zargarlik maktabining asosida Buxoro andozasi yotadi. Hindiston va Eron ta'sirida eng avval  rivojlangan Buxoro zargarligida mayda toshlar, nafis va mayin bezaklardan foydalanilgan bo‘lsa, XVI asrga kelib shakllana boshlagan Toshkent, vodiy taqinchoqsozligida katta toshlar va yirik naqshlarni ishlatish ustunlik qilgan. 

Ko‘rgazmada nafaqat zargarlik buyumlari – zebigardon, tillaqosh, bilakuzuk kabilarni, balki qo‘l mehnatiga asoslangan so‘zana, kiyim-bosh, xontaxta kabi o‘z davrining hayot tarzi haqida hikoya qiluvchi anjomlarni ham tomosha qilish mumkin.

«Do‘ppi shunchaki bosh kiyimi bo‘lib qolmay, uni kiygan kishining ijtimoiy holati haqida ham ma'lumot bergan. Misol uchun, turmushga chiqmagan qizlar ipak do‘ppi kiygan bo‘lsa, oilali juvonlar zar do‘ppidan foydalangan. Har bir hududning do‘ppisi ham naqshlari bilan bir-biridan farq qiladi», –​ deya hikoya qiladi ekskursovod-mutaxassis.

Muzey direktor o‘rinbosari Hakimjon Shodmonovning ma'lumot berishicha, muzey fondida 8 mingga yaqin eksponat mavjud bo‘lib, ulardan 600tasi zargarlik ashyolari hisoblanadi. Eng «keksa»​ eksponat 19-asrga taalluqli. 

Ko‘rgazma 8 fevralga qadar barcha uchun ochiq tarzda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid