Jamiyat | 20:20 / 04.02.2019
18258
3 daqiqa o‘qiladi

«Murakkab vaziyatdan chiqishga iroda topilmasa». Samarqand viloyati hokimi maishiy muammolarga munosabat bildirdi

Inson o‘z-o‘zidan ichkilikka berilmaydi, hayotdagi qaysidir murakkab vaziyatdan chiqishga iroda topolmagach, shu yo‘lga o‘tadi, deb hisoblaydi Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov. 

Zarnews xabariga ko‘ra, senator Turdimov maishiy muammolar haqida mulohazasini bildirib, oilaviy ajrimlarga to‘xtalgan. 

«Oiladagi ajrim ham tasodifan ruy bermaydi, e'tiborsizlik yoki aksincha ortiqcha aralashish tufayli yuz beradi. Kam ta'minlanganlik haqida ham shunday deyish mumkin.

Mahalla oqsoqoli o‘z faoliyati davomida ana shu holatlarni bilib borishi, ularning oldini olish choralarini ko‘rishi lozim. Oqsoqol o‘z hududidagi fuqarolar ijtimoiy ahvoli uchun javobgar inson. U har bir muammo xususida tegishli rahbarlarga talabnoma, taklif berib, ijrosini nazorat qilishga majbur. Agar u  odamlar bilan dildan suhbatlashib, ularni tomorqadan unumli foydalanishga, tadbirkorlikka da'vat etsa, buni tushuntira olsa, o‘sha xonadonda bekorchi bo‘lmaydi, mehnat intizomi shakllanadi, ro‘zg‘or but bo‘ladi. Demak, o‘sha oilada ijtimoiy muhit yaxshilanadi», — deya Turdimov so‘zlarini keltirgan nashr. 

Samarqand viloyat hokimining ta'kidlashicha, «oqsoqolda katta qalb, bilim, odamlarga mehr, jonkuyarlik, davr, jamiyat, hayot haqida puxta tahlil bo‘lmog‘i zarur».

«Oila» ilmiy amaliy-tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, , ajralish holatlari ko‘p bo‘lgan viloyatlarda ajralish sabablari o‘rganilganda, oiladagi doimiy janjal va mojarolar, er-xotin o‘rtasida bir-birini tushunish va totuvlikning yo‘qligi (22,5 foiz) asosiy sabablar sifatida ko‘rsatildi. 

Markaz ma'lumotida yozilishicha, ajralishning sabablaridan yana biri alkogolizm (11,0 foiz foiz) ham ekanligi aniqlandi. Spirtli ichimliklarni ichishga alkogolizmga asosan erkaklar moyil bo‘ladilar. Oila boshlig‘i bo‘lgan erkaklarda iroda, sabr-toqat va mardlik kabi shaxsiy yetuklik sifatlari tarbiyalanmaganligidan alkogolizmga moyilliklari orta boradi.

Mavzuga oid