Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ostonada 5 opa-singil yong‘inda halok bo‘ldi

Foto: Turar Kazangapov
Ostonadagi uylardan birida 4 fevralga o‘tar kechasi yuz bergan yong‘in 5 opa-singilning hayotiga zomin bo‘ldi. Opa-singillardan kenjasi bor-yo‘g‘i 3 oylik bo‘lgan.
Qizlar 2006, 2009, 2014, 2016 va 2018 yillarda tug‘ilgan bo‘lgan.
Opa-singillar oilasi Ko‘ktal-1 massivida joylashgan kichik vaqtinchalik uyda 4 yil yashagan. Uy yaqinida yana shunday uylardan bir nechtasi bo‘lgan. Ularda ushbu oilaning yaqinlari yashagan.
Uyda ko‘mirda ishlovchi pechka qo‘llangan. Oila yaqinlarining ma'lum qilishicha, ularning uyida ham shunday pechka turadi va bu pechkalar bilan avval muammolar bo‘lmagan.
Opa-singillardan to‘ng‘ichi yaqin orada 13 yoshga to‘lishi kerak bo‘lgan. Hozirda qizlarning yaqinlari ularning ota-onalariga dalda berish uchun yig‘ilishgan. Qizlar 5 fevralda dafn qilinadilar.
Oila ko‘p farzandli bo‘lgani sabab nafaqa olgan. Qizlardan ikki nafari 4- va 6-sinflarda o‘qishgan, 2014 yilda tug‘ilgan yana bir qizcha bolalar bog‘chasiga qatnagan.
Yaqinlarining aytishicha, qizlarning onasi fojia yuz bergan kun tungi smenaga ishga chiqqan. Qizlar bilan ularning otasi bo‘lgan, biroq u ham ishiga chaqirtirib olingan.
Oila yaqinlari uydan xabar olib turishgan. Oxirgi marta ular uyni tungi soat 2da tekshirishganda hammasi osuda, chiroq yoniq bo‘lgan. Biroq bir soat o‘tgach kuchli yong‘in boshlangan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga chaqiriqdan 7 daqiqa o‘tib yetib kelishgan, biroq bu vaqt ichida uy to‘liq yonib bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inga qarshi 40 daqiqa kurashishgan. Uylar bir-biriga yaqin joylashgani sabab alanga qolgan uylarga o‘tib ketishi xavfi bo‘lgan.
Qizlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgani Ostona hokimi Baxit Sultanov kelgan. U yong‘in joyini ko‘zdan kechirib, dafn marosimini o‘tkazishda yordam berishga va'da bergan.
Qizlarning ota-onasi bilan ruhshunoslar va ijtimoiy xizmatlar xodimlari ish olib borishmoqda.
“Maktab tomondan davlat yordami dasturi doirasida ko‘mak ko‘rsatildi. O‘qituvchilarning aytishicha, qizlar darslarni qoldirishmagan, o‘zlarini odobli tutishgan, hamma bilan inoq bo‘lishgan. Oila kam ta'minlangan bo‘lmagan, chunki ota-onaning ikkisining ham daromadi bo‘lgan. Qizlar doimo orasta kiyinishgan”, deb aytgan Ostona akimati matbuot kotibi Elvira Jurgenbayeva.
Ostona favqulodda vaziyat departamentida ma'lum qilinishicha, 2018 yilda poytaxtda 699 ta yong‘in yuz bergan. Ularda 10 kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan. Joriy yil boshidan esa 69 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Halok bo‘lgan qizlar joriy yildagi yong‘inlarning ilk qurbonlari bo‘lgan.