O‘zbekiston | 20:27 / 05.02.2019
10449
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Sultonov Xalqaro atom energetikasi agentligi vakillari bilan uchrashdi

5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA - MAGATE) delegatsiyasi a'zolari bilan uchrashdi. «O‘zatom» agentligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Uchrashuvda atom energetikasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi nafaqat energetika rivoji, balki fan, kadrlarni tayyorlash kabi sohalarning jadal rivojlanishiga sabab bo‘lishi, mamlakatning qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, qurilish yo‘nalishlaridagi imkoniyati bir necha baravarga  oshishi ta'kidlandi.

Shuningdek O‘zbekistonda kadrlarni tayyorlash masalasiga katta e'tibor qaratilayotgani qayd etildi. Bugungi kunda o‘zbekistonlik 58 talaba “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadroviy universitetida ta'lim olmoqda. Toshkentda mazkur universitetning filialini tashkil qilishga doir ishlar olib borilmoqda, bu yerda O‘zbekistonning yadro energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi.

AESni barpo etishga oid keng ko‘lamli ishlar doirasida XAEA bilan hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqaro agentlik bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan seminar ham shu yo‘nalishda olib borilayotgan muhim ishlardan biridir.

XAEA delegatsiyasi nomidan so‘zga chiqqan Jyentkovski uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, tinch atomdan foydalanuvchi mamlakatlar qatoriga kirayotgan O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari bilan hayratga solayotganini ta'kidladi.

“Yadro energetikasini rivojlantirish katta resurslarni, jumladan, investitsiyalarni talab qiluvchi loyiha hisoblanadi. AES qurilishi ishlari murakkab bo‘lsa-da, siz ularni qisqa muddatda bajarishga tayyor ekanligingiz quvonarli. Biz esa, o‘z navbatida, sizni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, bunday hamkorlik loyihaning barcha xavfsizlik talablariga muvofiq kelishiga yordam beradi”, - dedi XAEA yadroviy qurilmalar xavfsizligi bo‘limi direktori G.Jyentkovski.

Jyentkovskining so‘zlariga ko‘ra, XAEA delegatsiyasi a'zolari O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatda AES qurilishi loyihasining amalga oshirilishida xavfsizlik ustuvor vazifa ekaniga ishonch hosil qilishgan.

"O‘z zimmangizga XAEA talablariga muvofiq bo‘lish majburiyatini olayotganligingiz juda muhim. Biz ushbu standartlarni mamlakatingizda ommalashtirishga doir barcha choralarni ko‘ramiz. Loyihangiz samarali va xavfsiz bo‘lishi tarafdorimiz", - qo‘shimcha qildi u.

Ta'kidlash joizki, AEXA delegatsiyasi O‘zbekistonga “O‘zatom” agentligi va mamlakatning birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishiga aloqador boshqa tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazish doirasida tashrif buyurgan.

2019 yilda O‘zbekiston va XAEA hamkorligining 25 yilligi nishonlanadi. Bugunga kelib ushbu hamkorlik aloqalari mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Bundan avval Kun.uz'da O‘zbekistonda AES qurilishi uchun salohiyatli maydonlar hamda ulardagi tadqiqot ishlari natijalari haqidagi ma'lumotlar taqdim etilgan edi.

Mavzuga oid