Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan ishlarning tahlili paxta tozalash, to‘qimachilik, charm-poyabzal va matbaa sohalarida malakali kadrlar tayyorlashga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:
birinchidan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida talabalarga fanlar mazmunini yetkazishda zamonaviy informatsion axborot texnologiyalardan foydalanish darajasi 22 foiz, o‘quv laboratoriyalarida foydalanilayotgan jihozlarning 80 foizidan ortig‘i ma'nan eskirgan, talabalar amaliyotini ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarida tashkil etish samarali yo‘lga qo‘yilmagan;
ikkinchidan, Institut professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarining ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish darajasi pastligicha qolmoqda, professor-o‘qituvchilarning 78 foizi xorijiy, 45 foizi mahalliy ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etmagan, 36 (10%) nafari ilmiy loyihalarda rahbarlik qilishmoqda, professor-o‘qituvchilar tomonidan chop etilgan ilmiy maqolalarning 12 foizi iqtiboslikka ega;
Institut soha bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi bo‘lishiga qaramasdan oxirgi 3 yilda professor-o‘qituvchilardan 9 foizi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, ilmiy izlanuvchilar tomonidan olingan natijalarning 3 foizi ishlab chiqarishga joriy etilgan;
uchinchidan, talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, diniy va milliy bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish, talabalarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, talabalar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, huquqbuzarlik holatlarini oldini olish yo‘nalishlarida ham qator muammolar mavjud. Xususan, talabalar o‘qishi va darsdan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish yuzasidan axborot-resurs markazining yangi adabiyotlar bilan ta'minlanganlik holati qoniqarsiz, sport to‘garaklari tashkil etilmagan, talabalar turar joylarida dam olish uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan;
to‘rtinchidan, ta'lim xizmatlari bozoridagi talab va taklif o‘rganilmaganligi natijasida moliyaviy barqarorlikka erishish chora-tadbirlari amalga oshirilmagan. Institut balansidagi ma'nan eskirgan jihozlarni o‘z vaqtida hisobdan chiqarish, professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini joriy etish ishlarida qoloqliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Shu bilan birga, Institut hududida mavjud bo‘sh maydonlarda kitob magazini, BOOK kafe, kutubxona, talabalar teatr studiyasi kabi xizmat ko‘rsatuvchi majmualar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan;
beshinchidan, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj, charm-poyabzal, mo‘ynachilik, paxtachilik, kimyoviy tolalar ishlab chiqarish, matbaa sanoatiga tegishli ishlab chiqarish korxona va tashkilotlari tomonidan talabalarning amaliyotini tashkil etish, sohalar uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan manzilli rejalar ishlab chiqilmagan.
Hujjat bilan quyidagilar:
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining tuzilmasi;
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha “YO‘L XARITASI” tasdiqlanishi mumkin.
Mehnat bozorida iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyoji yuqori bo‘lgan “Printmedia texnologiyalari”, “Menejment”, “Kimyoviy injyeneriya”, “Innovatika (ishlab chiqarish turlari bo‘yicha)”, “Elektronika va avtomatlashtirish injyeneriyasi (tarmoqlar bo‘yicha)”, “Materialshunoslik (mahsulot turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va “Texnologik uskunalarga servis xizmati ko‘rsatish”, “Avtomatlashtirish va boshqaruv injyeneriyasi (tarmoqlar bo‘yicha)”, “Mehnatni tashkil etish va me'yorlash”, “Kimyogar-kolorist”, “Funksional tekstil” magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha Institutda oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.
Quyidagilar Institutda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
mulkchilik shaklidan qat'iy nazar sohaviy korxona va tashkilot obektlarida talabalarning amaliyotini tashkil etish va “ustoz-shogird” tizimi asosida amaliyotini o‘tkazilishini ta'minlash hamda talabalarda ishlab chiqarishning innovatsion texnologiyalari, yangi me'yoriy-hujjatlari, zamonaviy axborot-dasturiy ta'minot mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirishni hamkorlikda amalga oshirish;
ishlab chiqarish korxona va tashkilotlaridan tayinlangan malakaviy amaliyot rahbarlarini korxonaning budjetdan tashqari mablag‘lari, rag‘batlantirish fondi hisobidan moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish hamda manfaatdor Vazirlik va idoralar tasarrufidagi korxona va tashkilotlardan malakali, tajribali mutaxassislarni ta'lim jarayonida faol ishtirokini yo‘lga qo‘yish;
korxona va tashkilotlarda professor-o‘qituvchilarning stajirovkalari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda mutaxassis chiqaruvchi kafedralarning filiallarini tashkil etish va amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish;
ishlab chiqarish buyurtmachilari uchun istiqbolli kadr tayyorlash maqsadida amaliyot natijalariga ko‘ra tanlov asosida talaba bilan o‘qishni bitirgandan so‘ng muayyan muddat ishlab berish majburiyatini belgilab beruvchi shartnoma tuzish orqali uning bazaviy to‘lov kontraktini II kursda kamida 50%, III kursda kamida 75% va IV kursda 100% miqdorda to‘lab berish chora-tadbirlarini ko‘rish.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zcharmsanoat” uyushmasining Institutda o‘quv-amaliy bazasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.
Institutning Toshkent shahar, Shohjahon ko‘chasi, 5-uy manzilida joylashgan 8-o‘quv binosini ta'mirlash va uning negizida o‘quv-amaliy bazasini tashkil etish “O‘zcharmsanoat” uyushmasining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
08:21 / 01.06.2026
Xitoyning ikki yirik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida
13:22 / 10.03.2026
Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi
18:49 / 24.01.2026
Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi
11:30 / 05.01.2026