Jahon | 19:04 / 08.02.2019
49872
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik deputat: O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Putin 800ta kelishuvni imzoladi. Sizlar hukumatda nima qilyapsiz?

Foto: kenesh.kg

Bugun, 8 fevral kuni Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasi parlament fraksiyasining yig‘ilishida Ali Karashev O‘zbekistonga qilgan safari chog‘ida Rossiya prezidenti 800ta kelishuvni imzolagani haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Gezitter.

Shuningdek, xalq vakilining ta'kidlashicha, «agar Qirg‘iziston hukumati shunday o‘tirishda davom etsa», hech qanday natija bo‘lmaydi.

«O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 27 milliard dollarlik 800ta bitimni imzoladi. Qirg‘izistonga safari oldidan yarim oy vaqt qoldi. Hukumat bu vaqtda qanday harakatlarni amalga oshirmoqda? Sizda tayyor loyihalar bormi?» - deya qiziqqan Karashev.

«Ha, mart oyining oxirida Rossiya prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi kutilmoqda. Uning ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi, unda 15 mintaqa rahbarlari va 500ga yaqin biznes-sektor vakillari ishtirok etadi. Shuningdek, bir nechta zavod qurilishi bo‘yicha muzokaralar ham o‘tkaziladi», - deya javob qaytargan Qirg‘izistonning Investitsiyalarni ilgari surish va himoya qilish agentligi direktori Shunqorbek Odilbek o‘g‘li.

Deputat ushbu javobdan qoniqmagan.

«Hukumatda nima qilyapsiz? Sizda tayyor loyihalar bo‘lishi kerak, ishlash darkor. Nima qilayotganingizni tushunmayapman. 30 yil oldin aytilgan so‘zlarni takrorlayapsiz. Bunday sur'atlar bilan hech qanday natija bo‘lmaydi», - dedi Karashev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston parlamentida yana O‘zbekistonga suv sotish masalasi ko‘tarilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid