AQSh kongressmenlari chegara bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu shatdaundan qutulish uchun imkon
AQSh Kongressi vakillari 11 fevral kuni kechgacha davom etgan muzokaralardan so‘ng yangi shatdaundan qutulib qolish yo‘lini topishdi. Bu haqda respublikachilar partiyasi senatori Richard Shelbi ma'lum qilgan.
Senatorning aytishicha, respublikachi va demokratlar chegarani mustahkamlash dasturini moliyalashtirishni 30 sentyabrgacha kechiktirish borasida kelishuvga erishgan. Gap asosan Meksika chegarasida quriladigan «Tramp devori» haqida ketmoqda.
Kongressmenlar uchrashuvida aynan nimani muhokama qilgani aniq emas va tafsilotlar keyinroq ma'lum qilinishi aytilgan, biroq katta ehtimol bilan raqobatchi partiya vakillari aynan Meksika chegarasidagi devor qurilishini moliyalashtirishni kechroqqa surishga kelishishgan. Bu orqali siyosatchilar davlat ishchilariga xavf solayotgan yangi shatdaundan qochishga umid qilishgan.
Biroq kelishuvni hali Donald Tramp ham tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Prezident yaqinda tarafdorlari bilan uchrashuvda Meksika bilan chegarada qurilishi rejalashtirgan devor haqida so‘z olib, «Biz bu devorni albatta quramiz» deya ishonch bilan aytgandi. Tramp saylovoldi dasturida mamlakatga noqonuniy migrantlar oqimini to‘xtatishga alohida urg‘u bergan va migrantlarning asosiy yo‘nalishi hisoblangan Meksika bilan chegarada devor qurilmasa, noqonuniy muhojirlar kirib kelishini to‘xtatib bo‘lmasligini aytgandi. Saylovchilarga bergan va'dasini bajarishi kerak ekanini ta'kidlayotgan Tramp ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘layotgan bu devorni baribir qurishini ko‘p bora takrorlagan.
22 dekabr kuni demokratlar Meksika chegarasidagi devorni moliyalashtirishni 2019 yilgi davlat budjetiga kiritishdan bosh tortganliklari sabab mamlakatda yangi shatdaun e'lon qilindi. Ya'ni, 9ta vazirlikning 800 ming xodimi maoshsiz qolishdi. Ulardan 380 ming nafari maosh berilmaydigan ta'tilga chiqarib yuborilgan bo‘lsa, qolganlar maoshsiz ishlashga majbur bo‘lishgan. Agar kongressmenlarning kelishuvi prezident tomonidan tasdiqlanmasa, 16 fevraldan AQShda yangi shatdaun boshlanishi mumkin.
AQShda davlat xodimlariga maosh berishni vaqtincha to‘xtatish, ya'ni shatdaun birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Bu safar AQSh tarixida 19-marta shatdaun e'lon qilingan. 2018 yil dekabrda boshlanib joriy yil yanvarida yakunlangan va 35 kun davom etgan shatdaun AQSh tarixidagi eng uzun davom etgani bo‘lib tarixda qoldi.
Mavzuga oid
11:30 / 23.09.2024
AQSh Kongressida shatdaunning oldini olish uchun loyiha taqdim etildi
20:12 / 05.06.2024
Kongressmenning 6 yashar o‘g‘li otasining nutqini unutilmas qildi
09:02 / 09.03.2024
AQSh qisman shatdaunning oldini olishga muvaffaq bo‘ldi
16:52 / 15.12.2023