Jahon | 08:29
767
3 daqiqa o‘qiladi

Kongress Trampning Eron bo‘yicha vakolatlarini cheklashi mumkin

AQSh Senati prezident Donald Trampni Kongress ruxsatisiz Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur etishi mumkin bo‘lgan rezolyutsiyani ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu hujjat qabul qilinsa, Tramp kelgusida Eronga qarshi har qanday harbiy operatsiyani Kongress bilan kelishishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: REUTERS

19 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida rezolyutsiyani Senatda muhokama qilishni 50 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 47 nafari qarshi ovoz berdi. CNN ma’lumotiga ko‘ra, saylov kampaniyalari sababli uch nafar respublikachi senator ovoz berishda qatnashmagan. Shu bois rezolyutsiyaning Senat to‘liq tarkibi tomonidan qabul qilinishi ehtimoli past baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda respublikachilar mazkur rezolyutsiyani Senatda ilgari surish bo‘yicha avvalgi yetti urinishni bloklagan. Hujjat dastlab mart oyida, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin ovozga qo‘yilgan edi. Shuningdek, respublikachilar AQSh Vakillar palatasida ham uni uch marta rad etgan.

Rezolyutsiya tashabbuskori bo‘lgan demokrat senator Tim Keynning aytishicha, aprel oyi boshidan buyon amal qilayotgan AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh davrida Tramp o‘z pozitsiyasini Kongressga tushuntirishi uchun imkoniyat paydo bo‘lgan.

“Bu — yana urush boshlanishidan oldin muhokama qilish uchun eng to‘g‘ri vaqt. Prezident tinchlik va diplomatik takliflarni qabul qilmoqda, ammo ularni biz bilan muhokama qilmasdan rad etmoqda”, — dedi Tim Keyn Reuters agentligiga.

1973 yilda qabul qilingan “Harbiy vakolatlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, AQSh prezidenti Kongress roziligisiz faqat 60 kun davomida harbiy harakatlar olib borishi mumkin. Bu muddat tugagach, prezident yo urushni to‘xtatishi, yoki harbiy kuch ishlatish uchun Kongressdan rasmiy ruxsat olishi shart.

2026 yil 1 may kuni 60 kunlik muddat yakunlanganidan so‘ng Donald Tramp Kongressga “Eron bilan urush yakunlangani” haqida xabar bergan. Biroq Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh amalda Eron portlarini blokada qilish va Eron kemalariga zarbalar berishni davom ettirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid