AQSh prezidenti Donald Tramp 24 fevral kechasi Kongress ikkala palatasi vakillari oldida mamlakatning holati bo‘yicha murojaat yo‘lladi.

«State of the Union» deb nomlangan murojaat AQSh Konstitutsiyasida belgilangan. Unda AQSh prezidenti har yili parlamentning ikkala palatasi oldida yillik hisobot beradi. Odatda bu nutq yanvar yoki fevral oylarida Kapitoliy binosida bo‘ladi.

Foto: Reuters

New York Times'ning yozishicha, 1 soat 47 daqiqa davom etgan nutqida Tramp deyarli yangi siyosat taklif qilmadi va ko‘proq vaziyatning sahnaviy jihatlaridan zavqlanayotgandek ko‘rindi. Quyida Tramp nutqidan asosiy xulosalar keltiriladi.

Demokratlarga haqorat

Kecha davomida Tramp zaldagi demokratlarni masxara qildi va ularni Amerikaga qarshi, saylovda yutqazayotgan kuch sifatida ko‘rsatishga harakat qildi. U nutq boshidayoq shunday usuldan foydalandi: qonun chiqaruvchilarga «Amerika hukumati birinchi navbatda amerikalik fuqarolarni himoya qilishi kerak. Noqonuniy muhojirlarni emas» degan bayonotiga rozi bo‘lsa, o‘rinlaridan turishni aytdi.

Ular turmaganida, u tanqidga o‘tdi. «Bu uyat emasmi?» dedi u. «O‘rningizdan turmaganingiz uchun uyalib ketishingiz kerak. O‘zingizdan uyaling». Tramp kecha davomida shu yondashuvni takrorlab: «Bu odamlar aqldan ozgan, aytyapman sizga. Ular aqldan ozgan», dedi.

Respublikachilar gender siyosati, noqonuniy migratsiya va jinoyatchilik kabi mavzularda uni olqishlab o‘rinlaridan turishdi. Demokratlar esa o‘rinlarida qolib, Trampni ko‘zga ko‘rinarli darajada g‘azablantirdi.

Foto: Reuters

Reutersʼning yozishicha, ayrim demokratlar — masalan, Al Grin, Ilhan Omar va Rashida Tlaib Trampga baqirgan. Ular uchun Trampning migratsion qarashlari muammoli hisoblanadi hamda saylovchilarining katta qismini norozi qiladi.