O‘zbekiston | 14:49 / 12.02.2019
17367
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda profilaktika inspektorlari va mahalla raislari taqdirlandi

Bugun poytaxtdagi «Xalqlar Do‘stligi» san'at saroyi oldida Toshkent shahar IIBB IIO tayanch punktlari profilaktika inspektorlari, mahalla oqsoqollari va faollari «Huquqbuzarliklar profilaktikasi jamg‘armasi» hisobidan taqdirlandi.

Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda ichki ishlar tizimidagi rahbarlar, mahalla faollari, profilaktika inspektorlari va ularning oila a'zolari ishtirok etishdi.

Bugungi kunda «Jamoat xavfsizligini ta'minlashni rag‘batlantirish jamg‘armasi» tashkil etilgan bo‘lib, hozirda ushbu jamg‘armaning Toshkent shahridagi hisobiga 1 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari kelib tushgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan bugun alohida o‘rnak ko‘rsatgan 48 nafar mahalla raislari, hamda 120 nafar profilaktika inspektorlari rag‘batlantirildi. Bulardan tashqari, 600 nafarga yaqin profilaktika inspektorlari ham rag‘batlantirishi ko‘zda tutilgan.

 «Toshkent shahrida jinoyatlar ikki barobarga kamaydi. 2018 yilda ko‘cha va jamoat joylarida, obektlar hamda xonadonlarda jami 30 mingdan ortiq kuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Profilaktika xodimlarining 1048 nafari qidiruv, shaxsiy identifikatsiya qilish, GPS nazorat kabi ma'lumotlar bazalariga onlayn ulangan xizmat uyali telefonlari bilan ta'minlandi. Natijada fuqarolarni shaxsini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlariga olib kelish 5 barobarga kamaygan. Fidokor yoshlar guruhlarida faol ishtirok etgan yoshlardan 448 nafari ichki ishlar organlari safiga qabul qilingan. 581 nafari Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklarining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishgan. 1005 nafariga esa harbiy xizmatga borishga tavsiyanomalar berildi», - dedi tadbirda so‘zga chiqqan Po‘lat Bobojonov.

Shuningdek, endilikda profilaktika inspektorlari yordamchilari ichki ishlar organlari tavsiyasi bilan oliy ta'lim muassasalariga shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga kvota asosida o‘qishga kirish huquqi berildi. Profilaktika inspektorlari lavozimlari qoida tariqasida yuristlar orasidan qo‘yilishi belgilab qo‘yilgan. 

E'tiborli jihati shundaki, bundan buyon profilaktika inspektorlari tuzgan ma'muriy bayonnomalar asosida undirilgan jarima summasi ularni bevosita rag‘batlantirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Mavzuga oid