Sport | 18:00 / 13.02.2019
15429
7 daqiqa o‘qiladi

«Real» qatorasiga to‘rtinchi chempionlik sari va Pochettinoning navbatdagi imkoni

Foto: Reuters

Bugun Amsterdamda va Londonda Yevropa Chempionlar ligasining nimchorak finalidan o‘rin olgan yana ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Madridga yo‘l

Dushman maydonida Yevropa chempionligini nishonlashdan ko‘ra totliroq narsa bormi? «Real» buni biladi va hamisha Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyasining Ispaniya Kubogi finalini «Santyago Bernabeu»da o‘tkazish bo‘yicha so‘rovlarini rad etib keladi. Axir bu turnirda «Barselona» qatnashadi va hamisha finalda o‘ynaydi. Ammo Chempionlar ligasida hal qiluvchi bahs uchun maydonni o‘zgartirish imkonsiz va 1 iyun kuni Madridda Yevropaning ikkita eng zo‘r klubi to‘qnashishi shubhasiz. To‘g‘ri, o‘yin «Real» stadionida emas, «Atletiko»ning uy o‘yingohi hisoblanadigan «Vanda Metropolitano»da o‘tkaziladi.

Bu ham «Qirollik klubi» uchun o‘ziga xos chaqiriq. Bu nafaqat qatorasiga to‘rtinchi bor YeChL g‘olibi bo‘lish istagini kuchaytiradi (Yevropadagi ko‘plab grand klublar o‘z tarixida hali jami 4 bor chempion bo‘lmagan). «Real» esa avval ham qatorasiga to‘rt marta Yevropaning eng yaxshi klubi bo‘lgandi, madridliklar 1956 yildan 1960 yilgacha to‘rt marta «quloqli sovrin»ni boshlari uzra ko‘tarishgan.

Pley-offning birinchi bosqichidayoq «Real»ga u qadar kuchli bo‘lmagan raqib ro‘baru keldi. Ammo Santyago Solari amsterdamliklarni murakkab raqib deb atamoqda, «Ayaks» va «Barselona»ning sobiq ustozi Lui van Gaal esa o‘yindan oldin o‘zining jonajon klubi manziliga iliq fikrlar bildirib o‘tdi: «Bu «Ayaks» xuddi 1995 yildagi kabi juda kuchli. Men bu jamoa Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishini istardim, garchi bunday gapga hali erta bo‘lsada. O‘tgan yilning kuzida men «Ayaks» «Bavariya»ga munosib raqib bo‘lishi haqida aytganimda ko‘pchilik kulgandi, ammo amsterdamliklar bu jamoaga ikki o‘yinda ham yutqazmadi».

Lekin hozirda «Ayaks» qiyin davrda. Birinchidan, niderlandlar yilni juda kuchsiz boshlashdi (bir durang, ikki mag‘lubiyat va bir g‘alaba). Ikkinchidan, «Real»da ko‘tarilish davri (klasikodagi kuchli o‘yin, Madrid derbisidagi g‘alaba va ichki chempionatdagi g‘alabali seriya). Uchinchidan, bugungi o‘yinda amsterdamliklarning asosiy yetakchilaridan biri Frenki de Yong sog‘ligidagi muammo tufayli ishtirok eta olmasligi mumkin. «Real»da ham yo‘qotishlar bor, lekin Lorente va Isko asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchilari emas.

«Tottenhem»ning ambitsiyalari

«Tottenhem» - «Borussiya» D 
13 fevral. London. «Uembli» stadioni. 23.00 (Toshkent vaqti bilan soat 01:00). 
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya). 
Yo‘qotishlar: Devis (jarohat), Alli, Dayyer, Keyn, Lamela, Rouz (barchasi so‘roq ostida) - Alkaser, Vaygl, Pishchek, Roys (barchasi - jarohat), Akanji (so‘roq ostida).

«Shporlar» keyingi yillarda Angliyada «kuchli to‘rtlik»ning doimiy a'zosiga aylandi. Ammo bu jamoaning sovrinlar javoni hamon bo‘sh qolmoqda. Futbol kishilari bu jamoaning sovrinsizligi ustidan kulib yurishadi. 

«Shporlar»ga yutqazish - eng yomoni. Axir ular bu o‘yinni yozib olib, o‘n yillar davomida maqtanib yurishlari mumkin», deya hazilomuz fikr bildirgandi sobiq futbolchi Frenk Lempard bu haqda.

Yana bir mashhur jumla «MYu»ning sobiq ustozi ser Aleks Fergyusonga tegishli. Klubning sobiq futbolchisi Roy Kin «qizil iblislar»ning «Tottenhem»ga qarshi navbatdagi o‘yini oldidan murabbiy aytgan uch so‘zni eslaydi: «Yigitlar, bu atigi «Tottenhem».

Bu mavsumda «shporlar» Angliya Kubogi va Angliya Ligasi Kubogini tark etib bo‘ldi. Ammo jamoa hali Angliya chempionatida va YeChLda bosh sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda. Qaysi biri murakkabroq, bilish qiyin. Ichki chempionatda «Manchester Siti» va «Liverpul» londonliklarni ortda qoldirmoqda, yevrokubokda esa jamoa Dortmundning «Borussiya»si to‘sig‘idan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Ammo Pochettino jamoasi ayni vaqtda ikki asosiy futbolchisi - Harri Keyn va Dele Allidan ayrilgan. 

Ammo bu jamoa kutilmaganda Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lib qolsa, barcha ular haqida butunlay boshqacha fikrlar bildira boshlaydi. Jamoani beshinchi mavsumdirki, muvaffaqiyat bilan boshqarayotgan Maurisio Pochettino dortmundliklarni yaxshi biladi: 3 yil muqaddam «Tottenhem» bu jamoaga Yevropa Ligasi nimchorak finalida yutqazgandi, o‘tgan mavsumda esa guruh bosqichida bu jamoalar o‘zaro ikki o‘yin o‘tkazgandi. O‘shanda londonliklar guruh bosqichini ajoyib o‘tkazishgan, 6 o‘yinda atigi 2 ochko yo‘qotilgan, «Borussiya» ikki o‘yinda ham yutqazgan, bo‘lajak chempion «Real» mag‘lubiyatga uchratilgan va guruhda birinchi o‘rin qo‘lga kiritilgandi. Ammo o‘tgan mavsumda «shporlar» pley-offning ilk bosqichidayoq «Yuventus»ga duch kelib, turnirni tark etgandi.

«Borussiya» hozirgi holatida «Tottenhem»ga teng raqib. To‘g‘ri, nemislar safida ham yo‘qotishlar bor - jamoa sardori Roys bugun o‘ynay olmaydi, superzaxira Alkaser, yarimhimoyachi Vaygl hamda himoyachi Pishchek ham safda emas. Ammo bugun maydonda ingliz javohiri Jyeydon Sancho bo‘ladi. U o‘yindan oldingi matbuot anjumanida ham ishtirok etdi: «O‘z ona shahrimda YeChL o‘yinida ishtirok etishimdan xursandman. Vatandoshlarimda muammolar bor: Keyn va Alli o‘yinga tayyor emas. Lekin boshqalarning yo‘qotishlari ahamiyatsizroqmi?».

Mavzuga oid