O‘zbekiston | 11:25 / 16.02.2019
5618
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi qonun loyihasi: Parlament hukumat a'zosi nomzodini rad etsa, bosh vazir ko‘rib chiqish va ma'qullash uchun yangi nomzod taqdim qiladi

Foto: parliament.gov.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «Hukumat a'zolarining parlament oldidagi mas'uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Prezidentning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasi hamda 2019 yil 28 yanvardagi farmoniga muvofiq tayyorlangan ushbu loyiha bilan hukumat a'zolarini tayinlash va tasdiqlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. 

Xususan, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodi Qonunchilik palatasi tomonidan ma'qullanganidan keyin, bosh vazir taqdimiga binoan, prezident tomonidan tasdiqlanadi. Hukumat a'zosining nomzodi avvaliga Qonunchilik palatasidagi mas'ul qo‘mita, fraksiyalar tomonidan dastlabki tarzda, keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, ma'qullanadi. 

Nomzod majlisda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni hamda istiqboldagi vazifalarni nazarda tutuvchi o‘z harakatlar rejasini taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi hukumat a'zosi nomzodini rad etgan taqdirda, bosh vazir ko‘rib chiqish va ma'qullash uchun yangi nomzodni taqdim qiladi. Hukumat a'zosi prezident tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Shu bilan birga, loyiha bilan hukumatning O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish bo‘yicha ham yangi tartib belgilanmoqda. 

Unga binoan, bosh vazir hukumat a'zolari bilan birgalikda har chorakda parlament palatalariga Murojaatnomadan kelib chiquvchi, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi.

Deputatlar taklif etilayotgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar Oliy Majlisning muhim qarorlarni qabul qilish hamda qonunlar ijrosini nazorat qilish borasidagi faoliyatini kuchaytirishga, shuningdek, hukumat a'zolarining parlament oldidagi mas'uliyatini oshirishga xizmat qilishini ta'kidladilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid