Xorazm viloyati ariqlar, zaxkashlar va kanallarga boy hudud hisoblanadi. Bu yerda 3 mingdan ortiq katta va kichik ko‘priklar mavjud. Ularning aksariyati o‘tgan asrning 70-80 yillarida qurilgan.
Ko‘priklarning ekspluatatsiya davri o‘rtacha 50 yilni tashkil qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi kunda ularning ko‘pchiligi jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirdi, ta'mirtalab bo‘lib qoldi. Ba'zilari esa «yoshini yashab, oshini oshab» bo‘ldi, o‘pirildi, qulab tushdi, yaroqsiz holga kelib qoldi.
Ko‘prik bilan bog‘liq so‘nggi jiddiy texnogen avariya o‘tgan yilning 1 noyabr kuni yuz bergan, Urganch - Cholish yo‘lining 10 kilometridagi kanalga qurilgan ko‘prik juda eskirib ketgani sababli, yuk avtomobili og‘irligini ko‘tarolmay, qulab tushgan edi. Yaxshiyamki, bu avariyada jabrlanganlar bo‘lmagandi. Ammo viloyatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlar bilan bog‘lab turuvchi asosiy yo‘l ma'lum muddatga yopilib qolgandi.

Yonida vaqtinchalik ko‘prik qurilgan.
Bu voqeadan keyin Xorazm viloyati bo‘yicha barcha ko‘priklarning holati tekshiruvdan o‘tkazilib, ularga baho berildi. Ko‘priklar oldiga yuk ko‘tarish qobiliyatini ko‘rsatuvchi «Vazn cheklangan» va «O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan» belgilari o‘rnatildi.

Ma'lumot o‘rnida, «Vazn cheklangan» belgisi – haqiqiy umumiy vazni belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
«O‘qqa tushadigan og‘irlik cheklangan» belgisi - birorta o‘qiga tushadigan haqiqiy og‘irligi belgida ko‘rsatilganidan ortiq bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanishini bildiradi.
Misol uchun ikkita o‘qqa ega bo‘lgan yuk avtomobilining og‘irligi old qismiga 1/3 nisbatda, orqa qismiga 2/3 nisbatda taqsimlanadi. Uchta o‘qli avtomobillarning har bir o‘qiga 1/3 nisbatda taqsimlanadi. Agar o‘qqa tushadigan og‘irlik belgida ko‘rastilganidan yuqori bo‘lsa, haydovchi bu yo‘lni boshqa yo‘nalish orqali aylanib o‘tishi shart bo‘ladi.





















