O‘zbekiston mudofaa vaziri AQSh qurolli kuchlari qo‘mondoni bilan muzokara o‘tkazdi
Bugun, 20 fevral kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligida mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov va AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni general Jozef Votel muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy ta'lim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi. Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur'atlari ortib borayotgani alohida ta'kidlandi”, deyiladi xabarda.
AQSh tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta'minlash borasidagi dolzarb masalalarga va O‘zbekiston-Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga O‘zbekiston alohida e'tibor qaratayotganini e'tirof etdi.
Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.
O‘zbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘oniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yo‘lidagi barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afg‘oniston masalalari bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» xalqaro anjumanining o‘tkazilgan, uning yakunida «Toshkent deklaratsiyasi» qabul qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston mudofaa vaziri Jozef Votel boshchiligidagi delegatsiyani kutib olgan edi. Shu yilning yanvar oyida esa O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi AQShda bo‘lib, mamlakatimiz maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilari ishtirokida Kemp-Shelbi harbiy bazasida o‘tkazilgan “Janubiy zarba” hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni kuzatdi hamda CENTCOM qo‘mondonligi bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Mavzuga oid
20:57 / 11.11.2024
Germaniya TIV rahbari mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi
19:02 / 28.10.2024
O‘zbekiston dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 20 talikka kirdi
18:22 / 18.08.2024
Tergov Shoyguning sobiq o‘rinbosarining boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligini tekshiradi
18:32 / 13.08.2024