O‘zbekiston | 23:15 / 21.02.2019
24535
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yetishtirilayotgan quyon ilk bor Yevropa standarti bo‘yicha yuqori ball oldi

Bugun, 21 fevral kuni Toshkent shahridagi «Yoshlar ijod» saroyida Yevropadan keltirilgan va O‘zbekiston sharoitida yetishtirishga moslashtirilgan nasldor quyonlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. 

O‘zbekistonda naslli quyonlar yetishtiruvchilar assotsiatsiyasi tashabbusi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur ko‘rgazmada go‘sht, teri, nasl, mo‘yna va dekorativ yo‘nalishda yetishtirish uchun mo‘ljallangan 20 xil turdagi quyonlar namoyishga qo‘yildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Markaziy Osiyoda birinchi bor tashkil qilingan ko‘rgazmada Rossiya, Qozog‘iston va mahalliy quyon yetishtiruvchi xo‘jalik xodimlari, mutaxassislar, tadbirkorlar, quyonchilik yo‘nalishiga qiziquvchi yoshlar ishtirok etdi. 

«Nega bu ko‘rgazmani o‘tkazayapmiz? To‘g‘risini aytish kerak, shu paytga qadar O‘zbekistonda quyonchilik yo‘nalishida birorta ko‘rgazma tashkil qilinmagan. Nafaqat ko‘rgazma, balki quyon yetishtirish, quyonchilikda naslni tartibga solish ishlari ham o‘lda-jo‘lda qoldirilgan. Buni bizda na biror ilmiy yo‘nalishdagi institut va na kuchli mutaxassislar yo‘qligi ham isbotlaydi. 

Bugungi kunda quyon yetishtiruvchilarning ko‘pchiligini fermerlar tashkil qiladi. Bizning maqsadimiz esa qishloq xo‘jaligining, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganda, eng serdaromad sohalaridan bo‘lgan quyonchilikni nafaqat fermer xo‘jaliklarida, balki yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida, aholi xonadonlarida ham yetishtirishni tashkil qilish, bunda odamlarimizga ko‘maklashishdan iborat», - deydi assotsiatsiya rahbari Elmurod Ortiqov.

Ko‘rgazmada quyonchilik sohasida dunyo olimlari tomonidan go‘sht, teri, nasl, mo‘yna va dekorativ yo‘nalishda yuqori baholanuvchi quyonlar, jumladan, «Flandr» quyoni ham namoyishga qo‘yildi. Flandr – dunyo naslchiligidagi eng yirik quyon turi hisoblanadi. Ushbu tur quyonlari o‘rtacha 12 kilogrammgacha go‘sht beradi (dunyo rekordi 24 kg deb aytiladi).

Ko‘rgazma davomida Yevropadan keltirilgan va O‘zbekistonda yetishtirilayotgan «Reks» quyoni mutaxassislar tomonidan teri, go‘sht kabi bir nechta mezonlarga ko‘ra Yevropa standarti talablari asosida sinovdan o‘tkazildi va 100 ballik tizimda 97 ball bilan baholandi. Bu O‘zbekistonda yetishtirilayotgan quyonlarning ilk bor dunyo standartlari asosida yuqori natijaga erishishi hisoblanadi. 

Ko‘rgazma ertaga ham davom etadi.

Ma'lumot uchun, quyon go‘shti parhezbop va juda foydali hisoblanadi,  shuningdek, uning mo‘ynasi va momig‘idan tayyorlangan mahsulotlarga talab doimo yuqori. Quyonlar tez ko‘payadi va tez voyaga yetadi. Uni kichik, jumladan, shahar tomorqa xo‘jaligida ham yetishtirish mumkin.

Mavzuga oid