Jahon | 20:53 / 24.02.2019
5534
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda spirtli ichimlikdan zaharlanish qurbonlari soni 140 nafarga yetdi

Hindistonning Assam shtatida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish qurbonlari soni 140 nafarga yetdi. Yana 300 kishi shifoxonalarda qolmoqda, ulardan ba'zilarining ahvoli og‘ir. Bu haqda shtatning sog‘liqni saqlash vaziri Ximanta Bisva Sharma ma'lum qildi. 

“Qurbonlar va jabrlanuvchilar soni har daqiqa ortmoqda”, deb aytgan vazir. Uning ta'kidlashicha, o‘tgan kun ichida 50 ga yaqin odam hayotdan ko‘z yumgan. Avvalroq 114 kishi vafot etgani ma'lum qilingandi.

Zaharlanish shtatning ikki okrugi – Golaxat va Jorxatda yuz bergan. Qurbonlar haqidagi xabar 21 fevraldan kelib tusha boshlagan. Qurbonlarning aksariyati dunyoda eng mashhur choy turlari yetishtiriluvchi Assamdagi choy plantatsiyalari ishchilari bo‘lgan.

Mutasaddi idoralarining taxmin qilishicha, jabrlanuvchilar tozalanmagan palma shakariga tarkibida metanol va boshqa zararli kimyoviy qo‘shimchalar bo‘lgan spirt qo‘shib tayyorlangan qo‘lbola alkogol iste'mol qilgan. 

Hindistonda qalbaki alkogoldan zaharlanish holatlari tez-tez sodir bo‘lib turadi. Aholining nochor qatlamlari davlat do‘konlarida lisenzion alkogolni sotib olishga imkoni yetmaydi. Mamlakatda arzon qo‘lbola spirtli ichimliklar qora bozori faoliyat yuritib, bu spirtli ichimliklarni tayyorlashda xonaki tarzda ishlab chiqarilgan arzon spirt qo‘llanadi va ta'mni kuchaytirish uchun turli kimyoviy moddalar qo‘shiladi.

Mavzuga oid