O‘zbekistonda suratga olingan hind filmi xalqaro sovringa munosib topildi
Hind kinoijodkorlari tomonidan O‘zbekiston hududida suratga olingan Hoichoi Unlimited filmi prodyuseri Dev Adxikari IIFTC-2019 doirasida xorijda suratga olingan eng yaxshi film prodyuseri sifatida e'tirof etildi. Prodyuser minnatdorchilik nutqida O‘zbekiston va uning xalqi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi. Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasidan Kun.uz'ga shu haqida xabar berildi.
Hindistonning film sanoati markazi bo‘lgan Mumbay shahrida Hindiston Xalqaro film va turizm kengashining (IIFTC) navbatdagi taqdirlash marosimi va IIFTC-2019 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yil davomida hind kinoijodkorlari tomonidan xorijda suratga olingan film ijodkorlari taqdirlandi.
Tadbirda Hindistonning turli shtatlaridan kelgan ijodkorlar bilan bir qatorda 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlar vakillari, jumladan, Shri Lanka, Fiji, Shvetsiya, Serbiya, Ozarbayjon, Rossiya, Norvegiya va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan prodyuserlar, kino sanoati mutaxassiclari ishtirok etishdi.
IIFTC-2019 tadbiri davomida 2018 yilda O‘zbekiston hududida suratga olingan Hoichoi Unlimited filmining prodyuseri va bosh rol ijrochisi Dev Adxikari ishtirok etib, ushbu filmi uchun “Eng yaxshi prodyuser” sovrinini qo‘lga kiritdi.
Dev Adxikari tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston va unda yashovchi odamlarga alohida to‘xtalib o‘tdi:
“Filmlarni suratga olishda joy tanlash masalasi juda muhim hisoblanadi. Men bu masalaga doimo o‘zgacha yondashishga harakat qilaman. O‘tgan yili o‘z faoliyatimda birinchi marta O‘zbekistonda film suratga oldim. O‘zbekiston juda ham go‘zal mamlakat, turfa xil tabiat manzaralari va betakror mislsiz tarixiy obidalariga ega. Bu mamlakat insonlarini mehmonlarga va ayniqsa hind kinoijodkorlariga bo‘lgan o‘zgacha mehri va samimiy munosabatini alohida ta'kidlashni istardim. Filmni suratga olish jarayonida jamoamiz bilan bu mehrni doimo his qilib turdik va bu o‘z navbatida loyihamiz yanada muvaffaqiyat qozonishiga sabab bo‘ldi deb o‘ylayman. Fursatdan foydalanib, filmni suratga olishda yaqindan yordam bergan O‘zbekistonning Hindistondagi Elchixonasiga, “O‘zbekkino” milliy agentligiga va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Shu yerda jam bo‘lib turgan barcha film prodyuserlariga O‘zbekistonda film suratga olishni tavsiya qilaman”.
Ta'kidlash joizki, IIFTC'ning asosiy maqsadi yil davomida xalqaro turizm aloqalarini yanada kengayishiga hissa qo‘shgan filmlarni aniqlash va rag‘batlantirish, rejalashtirilayotgan hind film loyihalarini suratga olish uchun o‘ziga hos va yangi joylarni topish va bu jarayonlarni samarali amalga oshirishda turli mamlakatlardan kelgan hamkorlar va hindistonlik kinoijodkorlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishdir.
Mavzuga oid
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
19:56 / 11.11.2024