Jamiyat | 19:18 / 01.03.2019
8720
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyati Ekologik partiyasi hududiy tashkilotiga rahbar saylandi

Biz kelajak uchun javobgarmiz - O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati hududiy partiya tashkiloti konferensiyasida asosiy mavzu bo‘ldi.

Jizzax viloyati hududiy tashkiloti faoliyatini tashkil etishga bag‘ishlangan konferensiya shahar va tuman hokimi o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilot mutaxassislari, faollar, siyosiy partiya vakillari ishtirokida tashkil etildi.

Bugun dunyoning 100ga yaqin davlatida turli nomdagi “yashillar” partiyalari faoliyat yuritadi. Bunday partiyalarning 60ga yaqini davlat hokimiyati vakillik organlariga vakillariga ega. Bu esa mazkur mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa siyosiy partiyalar bilan raqobat qilib, ekologik muammolarni siyosiy maydonga olib chiqishga imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston ekologik partiyasining ta'sis etilishi har bir ona tabiatimiz jonkuyarlari uchun quvonchli va tarixiy voqea bo‘ldi. Konferensiyada so‘zga chiqqanlar partiyaning tashkil etilishi O‘zbekistonning go‘zal tabiati, ekotizimi, hayvonot olamini muhofaza qilishga qaratilganini alohida ta'kidlab o‘tishdi.

“Partiya eng avvalo, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, aholining ekologik savodxonlik darajasini oshirish, dunyoqarashi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish vazifalarini o‘z oldiga maqsad qilib olgan. Statistik ma'lumotlarga e'tibor beradigan bo‘lsak, har yili yurtimizda qariyb 22 mingga yaqin kishi onkologik kasallikka chalinmoqda. Agar bu raqamlarni ko‘z oldimizga keltiradigan bo‘lsak, butun boshli bir tuman ahlini tashkil etadi. Ekologiyaning buzilishi esa mana shunday fojialarga olib keladi. Biz kelajak uchun javobgarmiz, ezgu g‘oya asosida tashkil etilgan partiyamizning maqsadlaridan biri shundaki, Ona tabiatimizni asrash va unga jonkuyari bo‘lgan, atrof-muhit, mamlakat obodligi, yurt farovonligiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro shu ezgu maqsad yo‘lida birlashishini ta'minlashdir. Orolbo‘yi fojiasi barchaga ma'lum. Xullas, hal etilajak ekologik muammolar talaygina. Buning uchun esa yuqorida aytganimdek jamoatchilikni jalb etish kerak. Fikrimcha, bu partiya O‘zbekistonga juda kerak. Ayni vaqtida qabul qilingan qarordir”, deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islom Xushvaqtov

Barcha uchun foydali, yangi takliflar, fikr-mulohazalarga boy bo‘lgan konferensiyada yana bir qator muhim masalalarga e'tibor qaratildi. Xususan, joylardagi ekologik muammolarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan birgalikda faoliyat olib borish haqida ham so‘z bordi. Konferensiya so‘ngida Bayram Uzoqov Jizzax viloyati Ekologik partiyasi hududiy tashkiloti rahbari etib saylandi.

Mavzuga oid