O‘zbekiston | 21:11 / 04.03.2019
3732
4 daqiqa o‘qiladi

Cambridge University Press O‘zbekiston madaniy merosini ommalashtirishga yordam beradi

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi Cambridge University Press (Kembridj universiteti nashriyoti) o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolanadi.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Jamg‘arma hamda Kembridj universiteti nashriyotining hamkorlikdagi faoliyati madaniyat va san'atni ta'lim hamda ilmiy loyihalar orqali rivojlantirishga qaratiladi. Buyuk Britaniyaning eng qadimgi nashriyot uyi va Jamg‘arma o‘rtasidagi hamkorlik ta'lim sohasidagi islohotlar, jumladan, o‘qituvchilar, o‘quv dasturlari hamda yuqori sifatli o‘quv materiallarini tayyorlash tizimini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Bu hamkorlik 2021 yilda Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lidagi sivilizatsiya va madaniyatlar” ko‘rgazmasiga tayyorgarlik jarayonida boshlanadi. Kembridj universiteti nashriyoti bilan birgalikda “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi, mamlakatlari va madaniyatlari” ("Civilization, States and Cultures of Central Asia") nomli kitobi chop etiladi. Kitob muallifi – tarixchi-arxeolog, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Gruziya Fanlar akademiyasining xorijiy a'zosi Edvard Rtveladze.

Tadbirda Kembridj universiteti nashriyoti xalqaro rivojlanish bo‘limi boshlig‘i Enni Mixaylidu hamda nashriyot va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Lyuis Birchon ishtirok etib, quyidagicha fikr bildirishdi:

"Mamlakat merosi va tarixini tushunishning eng yaxshi yo‘li – bu uning madaniyati bilan tanishishdir. Bizning hamkorligimiz O‘zbekistonning madaniy merosining xalqaro miqyosdagi o‘rnini yanada yuksaltirishgda muhim qadam bo‘ladi", - dedi Lyuis Birchon.

Enni Mixailiduning ta'kidlashicha, O‘zbekiston madaniy merosini targ‘ib qilish ular uchun sharafdir.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

"Kembridj universiteti nashriyoti Jamg‘arma bilan birgalikda buyuk tarixga ega davlat – O‘zbekistonning madaniy merosini targ‘ib qilish ustida ishlashi biz uchun sharaf. O‘zbekistonda ta'lim salohiyatini ochish va sohani rivojlantirish, jumladan, badiiy va madaniy sohalarda ta'limni rivojlantirishda Jamg‘arma bizning qarashlarimizni ulashayotgani biz uchun sharaf", - deydi u.

O‘zbekistonlik tomonidan memorandumni Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Gayane Umerova imzoladi.

"Biz Kembridj universiteti nashriyoti bilan hamkorlikni boshlayotganimizdan bag‘oyatda mamnunmiz. Umid qilamizki, ushbu hamkorlik umumiy maqsadimiz – O‘zbekiston madaniy va badiiy marosini saqlab qolish va targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shadi. O‘ylaymizki, bu o‘z o‘rnida mamlakatimizni butun dunyoga ochish yo‘lida katta ahamiyatga ega bo‘ladi", - dedi u.

Ma'lumot uchun: Cambridge University Press – Angliyadagi Kembridj universitetining nashriyoti. 1534 yilda Genrix VIII Tyudor tomonidan asos solingan. Dunyoda eng qadimgi va kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi nashriyot hisoblanadi. Nashriyot tomonidan ilmiy tadqiqotlar va professional rivojlanishni o‘z ichiga olgan 50 000 dan ziyod nashr, shuningdek, maktab va ingliz tili ta'limi mavzulariga bag‘ishlangan 380 dan ortiq ilmiy jurnal chop etiladi. Cambridge University Press zamonaviy xalqaro nashriyotlar ro‘yxatida yetakchi o‘rinlar egasi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq ofisga ega.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid