Jahon | 20:23 / 05.03.2019
7996
3 daqiqa o‘qiladi

Jyenevada 89-xalqaro avtosalon o‘z ishini boshladi

Foto: Global Look Press

5 mart kuni Jyenevada 89-xalqaro avtosalon o‘z ishini boshladi. Unda bir qator yirik avtomobilsozlik kompaniyalari yangi modellarini taqdim qildi. Jumladan, avtosalonda ommaga oxirgi oylarda anons qilingan modellar, jumladan, Ferrari F8 Tributo, Skoda Kamiq, Peugeot 208, Bentley Bentayga Speed va Renault Clio taqdim qilinmoqda. 5 va 6 mart kunlari salonga faqat jurnalistlar tashrif buyuradi, 7 martdan esa barcha uchun ochiq bo‘ladi.

Foto: Instagram

Avtosalonda taqdim qilinayotgan modellardan ahamiyatga moliklaridan biri Bugatti La Voiture Noire bo‘lib, u Chiron modeli negizida markaning 110 yillik yubileyi sharafiga yaratilgan. U yagona nusxada yaratilgan bo‘lib, narxi 11 mln yevroni tashkil qiladi. Ma'lum qilinishicha, mashina Bugatti kolleksionerlaridan biriga sotib bo‘lingan.   

Foto: bugatti.com

Mashina 8 litrli W16 dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 1500 ot kuchini tashkil qilishi aytilgan, 100 km/soat tezlikka 2 soniyadan sal ko‘proq vaqtda erishadi.

Ommada katta qiziqish uyg‘otgan yana bir mashina Volkswagen tomonidan taqdim qilingan elektr plyaj baggisi bo‘ldi. ID Buggy nomli konsept-kar 204 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Bu model bir quvvatlanishda 250 km yo‘l bosa oladi.

Foto: Global Look Press

Jyenevada Skoda markasi ham o‘zining elektr konsept-karini taqdim qildi. Gap Vision iV krossoveri haqida ketmoqda. Bu avtomobil umumiy quvvati 306 ot kuchini tashkil qiladigan 2 ta elektromotor olgan. U bir quvvatlanishda 500 km yo‘l bosa oladi. Mashinaning seriyali versiyasi 2021 yilda chiqarilishi taxmin qilinmoqda.

Avtosalonda taqdim qilingan elektromobillar ro‘yxatini Audi Q4 e-tron davom ettirmoqda. Bu yana bitta konsept-kar bo‘lib, keyingi yildanoq seriyali chiqarilishi mumkin. Ushbu mashina ham MEB platformasi negizida qurilgan bo‘lib, umumiy quvvati 300 ot kuchidan ko‘proqni tashkil qiluvchi ikkita elektromotor bilan jihozlangan. U bir quvvatlanishda 450 km yo‘l bosa olar ekan.

Mercedes-Benz Jyenevaga 8 o‘rindiqli EQV elektr minivenini keltirgan. Uning seriyali ishlab chiqariluvchi versiyasi 2021 yildan sotuvga chiqariladi. Uning 201 ot kuchiga ega yagona elektromotori old o‘qida joylashgan bo‘lib, minivenni soatiga 160 km/soatgacha tezlashtirishi mumkin. Mashina bir quvvatlanishda 400 km yo‘l bosa oladi.

Avtosalon 17 martgacha davom etadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid