Sport | 09:58 / 05.03.2019
9587
2 daqiqa o‘qiladi

Mourino «Real» bilan YeChLda g‘olib chiqa olmagani va klubga qaytishi ehtimoli haqida gapirdi

Foto: Lee Smith / Reuters

«Real» sobiq bosh murabbiyi Joze Mourino klub tomonidan unga qiziqish bo‘layotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Avvalgi klublarimdan biriga qaytishim mumkinmi? Agar bu to‘g‘ri yo‘ldagi, munosib struktura va to‘g‘ri ambitsiyalarga ega klub bo‘lsa, bu borada muammo ko‘rmayapman. Sen qachondir ishlab ketgan klub sening qaytishingni istayotgan bo‘lsa, haqiqatan ham bundan faxrlanish mumkin, menimcha. «Real» – afsonaviy klub, YeChLda 13 marta chempion bo‘lganini bilsangiz kerak.

«Chelsi»ga qaytishim faoliyatimdagi eng yoqimli damlardan biri bo‘lgandi. Seni ikkinchi marta ham taklif etishyaptimi, demak ular sening nimalarga qodir ekaningni bilishadi.

«Real» bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqa olmaganman? Men allaqachon «Bernabeu»da «Inter» bilan YeChLni yutib bo‘lganman», – dedi Mourino beIN Spors efirida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Real»ning sobiq prezidenti Ramon Kalderon portugaliyalik mutaxassis mavsum yakunida «Real» ustoziga aylanishi mumkinligini aytgan edi.

«Yangi mavsumda Mourinoning «Real»ni boshqarish ehtimoli yuqori. Hozir muzokara o‘tkazilmoqda», – deb yozgandiKalderon tvitter sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 56 yoshli Joze 2010-2013 yillarda «Real» bosh murabbiyi bo‘lgan va Ispaniya chempionati, Kubogi va Superkubogida g‘alaba qozongan edi. Mutaxassisning so‘nggi ish joyi «Manchester Yunayted» klubi bo‘lib, 2018 yil dekabr oyida iste'foga chiqarilgandi.

Mavzuga oid