«Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minov Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashriga bergan intervyusida o‘zbekistonlik hujumchining Italiyadagi muammolari, Rimni nega tark etmagani, unga qiziqqan klublar, Mourino bilan munosabati va uning kelajagi haqida gapirdi.

— O‘zbekistonda ikkinchi Shomurodov bormi?

— Ikkinchi ham, uchinchisi ham bor.

— Kimlar?

— «Nijniy Novgorod»da yigitcha bor – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev. Iqtidorli, kelajagi bor o‘yinchi. Unga Rossiyada moslashish uchun yarim oycha vaqt kerak bo‘ldi va yaxshi o‘ynab ketdi. Ayni damda Yo‘ldoshev oldida Rossiya Premer-ligasining ikki klubidan aniq taklif bor. Shuningdek, Osiyo klubidan ham qiziqish mavjud.

Yana biri Yo‘ldoshevning tengquri, «Torpedo»da o‘ynayotgan Hojimat Erkinov. U Kamerunga qarshi o‘yinda milliy jamoasida gol kiritdi. Bu yigitlar hali o‘sishda davom etishadi. O‘zbekistonda sobiq ittifoq murabbiylar maktabining o‘ziga xos an’analari saqlanib qolingan, davlat ham infrastukturaga katta mablag‘lar sarflamoqda. Faqat viloyat markazlari emas, tuman markazlarida ham so‘nggi 20 yilda yangi stadionlar qad rostlagan. Yoshlarning futbolga oqimi ulkan – birgina «Bunyodkor» akademiyasida qariyb 2000 nafar bola futbol bilan shug‘ullanmoqda. Bu esa o‘z mevasini bermoqda.

Foto: Getty Images

— «Roma» Shomurodovni yozda qo‘yib yubormadi, shunga qaramay u zaxirada qolyapti. Bu nima bilan bog‘liq?

— Eldorga «Torino» va «Bolonya» tomonidan jiddiy qiziqish mavjud edi. Uni Turkiyaning barcha yetakchi klublari, Saudiya jamoalari o‘z saflarida ko‘rishni xohlashgandi. Ammo «Roma» uni o‘z tarkibida olib qolishga qaror qildi. Bu masalada Joze Mourino, klub bosh direktori bilan suhbatlashdik. Portugaliyalik murabbiy matbuotni o‘qimaslikni maslahat berdi.

— Nega?

— U Shomurodovni hech kim klubdan haydamayotgani va boshqa jamoaga ham berib yuborilmasligini aytdi. Faqatgina unga aqlbovar qilmas taklif tushsa, aytaylik Osiyodan, klub transfer masalasini o‘ylab ko‘rishi mumkinligini aytishdi. 

— Shomurodovni A Seriya klublaridan biriga ijaraga berib yuborish yaxshiroq emasmidi?

— Mourino Eldorga: «Quloq sol, «Bolonya»dagi 10-15 o‘yindan ko‘ra, «Roma»dagi 5ta o‘yin ham sen uchun yaxshiroq», dedi.