16:08 / 11.03.2019
23084

HumoArena'ning MDH davlatlarida muqobili yo‘q

Bugungi kunga kelib MDH davlatlarining birortasida Humo Arena'ning muqobili yo‘q, u jahon yulduzlari reyderi talablariga deyarli to‘liq javob beradi. 11 mart kuni yangi muz arenasi qurilishi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ENTER Engineering pteltd kompaniyasining ijrochi direktori Shohruxmirzo Sattorov shunday bayonot berdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Shohruxmirzo Sattorov

"Biz birinchi navbatda qishki sport turlari bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lgan mamlakatlarda bunday sport turlarini rivojlantirishga oid muammolar qanday hal qilinishini tadqiq qildik. Shu jumladan so‘nggi ikki qishki Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazgan tashkilotchilar bilan muhokamalar o‘tkazib, Janubiy Koreya va Avstriyada faoliyat yurituvchi hamkorlarimiz bilan Humo Arena loyihasini amalga oshirishga kirishdik. Bugungi kunga kelib MDH davlatlarining birortasida bunday arenaning muqobili yo‘q desak bo‘laveradi", - deya ta'kidladi u.

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda arena qurilishini ko‘zdan kechirish davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur kompleksda yopiq majmualarda o‘tkaziluvchi barcha sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish imkonini integratsiyalashtirishga oid topshiriq bergan. Shunday ekan, yangi ochiladigan arenada nafaqat qishki sport turlari, balki basketbol, gandbol, yakkakurash kabi ko‘plab boshqa sport turlari bilan ham shug‘ullanish mumkin.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Humo Arena yopiq maydonda o‘tkaziluvchi har qanday sport turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazish uchun jahon talablariga to‘liq javob beradi.

"Bundan tashqari, mazkur kompleksda madaniy tadbirlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan - turli tantanalar, konsert dasturlari va h.k. Inshoot jahon yulduzlari reyderlariga 80-95 foizga to‘g‘ri keladi. Qolgan foizlar reyderlarning yildan yilga yangilanishi bilan bog‘liq" - dedi Shohruxmirzo Sattorov. 

Ta'kidlash joizki, Humo Arena ko‘p tarmoqli muz saroyining qurilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusiga ko‘ra ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik inshoot barpo etish, O‘zbekistonda sportning qishki va boshqa turlarini rivojlantirish, sportni va sog‘lom turmush tarzini ommaviylashtirish maqsadida bunyod etilgan.

Humo Arena majmuasi qurilishi 2017 yilning fevral oyida boshlangan. Shisha va metalldan ishlangan majmua o‘zida zamonaviy xay-tek uslubini mujassamlashtirgan. Kompleks qurilishida “aqlli” va energiya tejovchi "yashil" texnologiyalardan keng foydalanilgan. Yangi muz saroyi o‘zida zamonaviy me'morchilik yechimlari, ilg‘or texnologiyalar hamda milliy me'morchilik san'ati an'analarini jamlagan.

Ma'lum qilinishicha, loyiha mualliflari majmuani yaratishda o‘zbek xalqida baxt va hurlik ramzi bo‘lgan Humo qushi timsoliga murojaat qilgan bo‘lib, majmua hududidagi sayr yo‘lakchalari ko‘rinishi ushbu afsonaviy qushning qanotlariga o‘xshatib barpo etilgan.

Humo Arena 9 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, ko‘p tarmoqli muz arenasi (12 500 o‘rinli), kichik mashq arenasi (200 o‘rinli), sport muzeyi, mashq zallari, fitnes-markaz, restoran, sport do‘konlari hamda avtomobillar uchun 5-qavatli turargohni o‘z ichiga olgan.

Mavzuga oid
Top