12:15 / 15.03.2019
7324

«O‘zbekneftgaz»: mamlakatda AES qurilishi gaz zaxiralarining kamayishi bilan bog‘liq emas 

«O‘zbekneftgaz» AJ ma'muriyati O‘zbekistonda atom elektr stansiyasining qurilishi  mamlakatda gaz zaxiralarining kamayishi bilan bog‘liq, degan fikrni rad etdi. 

15 mart kuni tashkil etilgan «Yangi konlarni ochish orqali uglevodorodlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish borasida belgilangan chora-tadbirlar» mavzusidagi matbuot anjumanida bu haqda so‘z bordi.

«O‘zbekneftgaz» AJ ishlab chiqarish faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Nodir Muhiddinov​ning aytishicha, mamlakatni gaz bilan bir necha o‘n yilliklar davomida ta'minlash quvvatiga ega konlar ochilgan. 

«Mavjud konlardan qazib chiqarilgan yoqilg‘i miqdoridan oshirib, yana yangi konlarni topish vazifasi ham kompaniya oldiga qo‘yilgan.

Respublika iqtisodiyotining tez rivojlanayotganligi va aholining energetikaga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda energetikaning boshqa sohalariga e'tibor qaratilmoqda», — deydi u.

Muhiddinovga ko‘ra, buni gaz zaxiralari kamayishi bilan bog‘lash noto‘g‘ri bo‘ladi.

Avvalroq, AQShning Epsilon Development LLC kompaniyasi Qashqadaryo viloyatidagi «Tolimarjon» konida gaz qazib olishni boshla​gani xabar berilgandi.

Shuningdek, Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida ikki yil davomida olib borilgan izlanishlar davomida ikkita gaz va bitta neft koni topildi.​

Top