16:17 / 17.03.2019
4278

Hindistonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ombudsman instituti joriy etildi

Uzoq yillik bahslardan so‘ng, Hindiston hukumati korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha lokpal (milliy ombudsman) lavozimini joriy etishga qaror qildi. Bu haqda xabar tarqatgan NDTV telekanali mamlakat tarixidagi birinchi lokpal Oliy sud sobiq a'zosi Pinaki Chandra bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Pinaki Chandra
Foto: NDTV

Ma'lum qilinishicha, ushbu qaror juma oqshomda parlament va Oliy sud vakillari uchun tashkillashtirilgan maxsus uchrashuvda qabul qilingan. Pinakining lavozimga tayinlangani haqida rasmiy ma'lumot esa tez orada e'lon qilinishi mumkin. Aslida Oliy sud lokpal tayinlovi bo‘yicha fevral oyini so‘nggi muddat etib belgilagandi.

Qayd etilishicha, lokpal barcha davlat amaldorlari, vazirlar, hattoki, Bosh vazir va Oliy sud raisining faoliyatini juz'iy cheklovlar bilan tekshirish, korrupsiyaga oid harakatini tergov qilish huquqiga ega bo‘ladi. Ombudsman hech qaysi tashkilotga bo‘ysunmaydi, u faqat fuqarolar murojaati asosida ish olib borishi nazarda tutilgan.

Lokpal idorasiga taniqli davlat arboblari, tajribali yurist va sobiq amaldorlar to‘planishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ularning hech biri o‘tmishda korrupsiyaga aloqador jinoyat sodir etmagan bo‘lishi kerak.

Lokpal lavozimini joriy etish masalasi o‘tgan asrning 60-yillarida ko‘tarilgandi. Mashhur hind jamoat arbobi Anna Xazare bir necha marta ochlik e'lon qilib, hukumatdan lokpal idorasini joriy etishni so‘ragandi.

Top