Jahon | 20:15 / 19.03.2019
7080
2 daqiqa o‘qiladi

Afrikadagi “Iday” sikloni qurbonlari soni mingdan oshishi mumkinligi ma'lum qilindi 

Afrikaning ikki marta “Iday” sikloni zarbasini boshdan o‘tkazgan janubi-sharqida halokatli toshqinlar davom etmoqda. Tabiiy ofatdan jabrlanganlar soni 2 mln kishidan oshishi mumkin. Minglab uylar vayron, hosil nobud bo‘lgan. Mozambikda 84 kishi, Zimbabveda 98 kishi va Malavida 56 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Eng og‘ir vaziyat Mozambikda kuzatilmoqda. Mamlakat prezidenti Filipe Nyusining ta'kidlashicha, hozirda 84 kishi halok bo‘lgani ma'lum, biroq qurbonlar soni mingdan oshishi mumkin: 1,1 mlnlik aholiga ega hududlarda suv oqimlari butun boshli aholi punktlarini yuvib ketgan. 

Odamlar uylar tomida va daraxtlarda jon saqlashmoqda. Ayni vaqtda 100 mingga yaqin odamning hayoti xavf ostida qolmoqda. 

Mozambikning aholisi soni bo‘yicha ikkinchi raqamli shahri – Beyrada dovul va toshqinlar katta talofat yetkazgan, shahar hududining 90 foiziga zarar yetgan. 

Zimbabveda kuchli yomg‘irlar halokatli toshqinlar, sel oqishlar va ko‘chkilarga olib kelgan. 98 kishi halok bo‘lgan, 217 kishi bedarak yo‘qolgan, 102 kishi jarohat olgan.

Malavida 923 ming kishi jabrlangan. 577 kishi jarohat olgan, 3 kishi bedarak yo‘qolgan.

Qizil xoch va Qizil yarimoy jamiyati vakili Metyu Kokreynning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, tabiiy ofat 2,6 mlndan ko‘proq odamga ta'sir ko‘rsatgan va Janubiy yarimshardagi eng yirik falokatga aylanishi mumkin.

“Dunyo falokat qanchalik dahshatli ekanini hali anglamadi. Uning butun dahshati yaqin kunlarda namoyon bo‘ladi”, deb aytgan Kokreyn.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid