O‘zbekiston | 14:02 / 22.03.2019
27242
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev XXR raisi va Iroq prezidentiga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tszyansu provinsiyasi Yanchen shahridagi kimyo zavodida ro‘y bergan falokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinga chuqur ta'ziya bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lumot uchun, 21 mart kuni Xitoyning Yanchen shahar okrugidagi Syanshuy uyezdida joylashgan “Chenszyagan” kimyoviy sanoat bog‘idagi “Tyanszyai” kimyo zavodida soat 14.00 atrofida portlash yuz berdi. Portlash oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, 58 kishi og‘ir jarohat olgan. 

Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, Xitoy seysmik agentligi portlash yuz bergan joy yaqinidagi hududlarda soat 14.48da 2,2 magnitudali va o‘chog‘i 0 metrda joylashgan zilzilani qayd qilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tigr daryosida parom cho‘kishi oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Iroq Respublikasi prezidenti Barham Ahmad Solihga samimiy hamdardlik bildirgan.

Al Arabiya telekanali xabariga ko‘ra, Iroqdagi Tigr daryosida parom cho‘kishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 93 nafargacha oshdi. 

Dastlabki versiyaga ko‘ra, paromning cho‘kishiga uning me'yoridan 3 marta ko‘p yuklangani sabab bo‘lgan. Arab telekanallari ma'lumotlariga ko‘ra, parom bortida 170 dan 250 gacha kishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, vaholanki u 75 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lgan. Qurbonlar ko‘pligi ulardan ko‘pchiligi bolalar bo‘lgani va kuchli oqim bilan tushuntirilmoqda.

Mavzuga oid