Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar rahbarlari nafaqat prezident, shuningdek, millat yetakchisi, xalq qahramoni, tinchlik asoschisi va orqatog‘ hamdir.

Qozog‘iston

2000 yilda Qozog‘istonda «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — millat yetakchisi haqida»gi qonun qabul qilingan.

Qonunga ko‘ra, qozoq davlatchiligining yaratilishi boshida turgan va suveren Qozog‘istonning demokratik, dunyoviy, huquqiy va ijtimoiy davlat sifatida ravnaq topishiga hissa qo‘shgan Qozog‘istonning birinchi prezidenti elboshi sanaladi.

Bundan tashqari, birinchi prezident — elboshi o‘z statusiga ko‘ra «Xalyq qaһarmany» (xalq qahramoni) unvoniga ega va unga alohida bildiruv belgisi — oltin yulduz va «Otan» ordeni topshirilgan.

Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — elboshiga uning tarixiy missiyasi sharofati bilan quyidagi huquqlar berilgan:

  • Qozog‘iston xalqiga, davlat organlariga va mansabdor shaxslarga davlat qurilishining o‘ta muhim masalalari, ichki va tashqi siyosat hamda mamlakat xavfsizligi bo‘yicha tashabbus bilan murojaat qilish — bu murojaat tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;
  • Mamlakat uchun muhim masalalar muhokamasi chog‘ida parlament va uning palatalari, hukumat yig‘ilishlarida chiqish qilish; Qozog‘iston xalqi assambleyasiga boshchilik qilish; Xavfsizlik Kengashiga boshchilik qilish; Konstitutsiyaviy Kengash tarkibiga kirish.

Qiziq fakt: davlatning tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqiladigan tashabbuslar birinchi prezident — elboshi bilan maslahatlashiladi.

«Birinchi prezident — elboshi tomonidan prezidentlik vakolatlari ijro etilayotgan davrda u tomonidan fond, shaxsiy kutubxona va birinchi prezident — elboshining shaxsiy arxivi tuziladi. Birinchi prezident — elboshining shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivi millat boyligi hisoblanadi va davlat mulki hisobida bo‘ladi», — deyiladi qonunda.

Darvoqe, Nazarboyev endi birinchi prezident — elboshining kutubxonasida ishlaydi. Birinchi prezidentning kutubxonasi Nazarboyevning farmoni bilan prezidentning shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivining faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash, Qozog‘istonning oyoqqa turishi va rivojlanishi tarixini o‘rganish, shuningdek, birinchi prezident g‘oyalari va tashabbuslarini mamlakat ichida va xorijda ilgari surish maqsadida 2014 yilning 13 martida tuzilgandi.