Jahon | 10:18 / 31.03.2019
37450
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Birinchi tur natijalarini taxmin qilish qiyin

Ukrainada prezidentlik saylovlari boshlandi.

Mahalliy vaqt bilan soat 08:00da (Toshkent vaqti bilan 10:00) mamlakatdagi barcha saylov uchastkalari ochildi. Ovoz berish jarayoni soat 20:00ga qadar davom etadi.

Qayd etish kerakki, bu Ukrainada Yevromaydan voqealaridan keyingi ikkinchi saylov, birinchi tur natijalarini oldindan taxmin qilish qiyin. Saylovoldi poygasida uch favorit bor edi, ammo ularning qaysilari ikkinchi turga o‘tishini aytib bo‘lmaydi.

Saylovlarda rekord miqdorda - 39 nafar nomzod qatnashmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, shoumen Vladimir Zelenskiy poygada yetakchilik qilmoqda, saylovlarga bir hafta qolganida uning reytingi 30 foizga teng bo‘lgan. So‘rovlarga ko‘ra, Poroshenkoni 17 foiz ukrainlar, Yuliya Timoshenko 12,5 foiz ukrainlar qo‘llab-quvvatlamoqda. 

2014 yil mayidagi navbatdan tashqari saylovda ham Petro Poroshenko va Yuliya Timoshenko o‘zaro raqobat qilishgandi. O‘shanda Poroshenko birinchi turdayoq 54,7 foiz ovoz bilan g‘olib chiqqandi. Timoshenko 12,8 foiz ovoz olib ikkinchi bo‘lgan. Bu safar ulardan tashqari yana 37 kishi nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Nomzodlar soni ko‘pligini ro‘yxatdan o‘tish osonligi bilan izohlash mumkin: tartibga ko‘ra, nomzodlar o‘zlari uchun qanchadir imzo yig‘ishi talab qilinmaydi. Ulardan talab qilinadigani - MSKga 5ta hujjat olib kelish, mulk deklaratsiyasini taqdim etish va 2,5 mln grivna miqdorida (deyarli 100 ming dollar) to‘lov qilish.

Saylovda aktyor va komik Vladimir Zelenskiy favorit hisoblanmoqda, u «Sluga naroda» («Xalq xizmatkori») serialida oddiy o‘qituvchilikdan Ukraina prezidenti lavozimiga chiqib borgan shaxsni gavdalantirgandi.

Zelenskiy haqiqiy prezident sifatida birinchi navbatda fuqarolar hukumatga referendumlar orqali vazifalar qo‘yishini ta'minlashni va'da qilmoqda. Ukrainaning amaldagi prezidenti Petro Poroshenko bu safar ham mamlakatni YeI va NATOga a'zo qilish haqida gapirmoqda. Yuliya Timoshenko esa ukrainlarga arzon gaz, yuqori maoshlar va oson ipotekalarni va'da bermoqda.

Bu nomzodlar Rossiyaga munosabatda yakdillar: Timoshenko Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararlarni qaytarishi kerakligini aytmoqda, Zelenskiy Rossiyaga borishni istamasligini aytgan, Poroshenko esa o‘zini Vladimir Putinning asosiy dushmani sifatida atagan.

Ekspertlar bir ovozdan Rossiya bu safargi prezidentlik sayloviga «o‘z nomzodi»ni qo‘sha olmagani aytishmoqda. Lekin ma'lum bir ma'noda Vladimir Putin uchun o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida Rossiya bilan aloqalarni tiklashni ma'lum qilgan Yuriy Boyko bilan hamkorlik qilish «qulay» hisoblanadi. Boyko Donbass mojarosining barcha tomonlari bilan muzokaralar o‘tkazish tarafdoridir.

Aynan Boyko saylovoldi kampaniyasi davomida «Muxolifatdagi platforma - Hayot uchun» partiyasi siyosiy kengashi rahbari, Putinning Ukraina bilan aloqalardagi asosiy vositachisi hisoblanadigan Viktor Medvedchuk hamrohligida Moskvaga kelib, RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev va «Gazprom» rahbari Aleksey Miller bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sotsiologlarning fikricha, mamlakat prezidenti saylovlarning ikkinchi turida aniqlanadi. G‘olib nomzod keyingi 5 yil davomida mamlakatni boshqaradi.

Markaziy Saylov komissiyasi saylov natijalarini 10 aprelga qadar e'lon qilishi kerak bo‘ladi. Dastlabki natijalar 1 apreldan aniq bo‘lishni boshlaydi. Agar biror nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to‘play olmasa, 21 aprel kuni ikkinchi tur o‘tkaziladi.

Rossiyadagi, shuningdek, Donbass hududidagi ukrainlar (7-9 million kishi) saylovda qatnasha olishmaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid