Bu mavzu ko‘lami juda keng. Sababi, har bir davlat qo‘shnisi bilan bahsli hududga ega, desak mubolog‘a bo‘lmaydi. Bu ixtiloflarni shartli ravishda to‘rt toifaga bo‘lish mumkin: 1. Unutilgan; 2. Unutilmagan bo‘lsa-da, o‘zaro munosabatlarni murakkablashtirmaslik uchun kun tartibiga qo‘yilmaydi; 3. Kun tartibiga qo‘yiladi va muntazam muzokaralar olib boriladi, ammo aytarli natijalarga erishilmaydi; 4. Muzokaralarda biror natijaga erishilmasligi aniq bo‘lib ulgurgan va ziddiyatlarga, yoki yanada yomonrog‘i haqiqiy janglarga kirishib ketilgan.
Bunday hududlar nihoyatda ko‘pligi uchun bugun ko‘proq shu to‘rtinchi toifaga to‘xtalamiz.
1. Tog‘li Qorabog‘. Ozarboyjon-Armaniston

SSSR tarqalganidan so‘ng juda ko‘p bahsli hududlar muammosi yuzaga chiqdi. Lekin ularning birortasidagi ziddiyat Tog‘li Qorabog‘dagichalik bo‘lgan emas. Sababi, bu mojaroda ikki qo‘shni millat, ikki din vakillari, ikki prinsipial raqiblar qo‘llariga qurol oldilar va ayamay qon to‘kdilar. Hozir ham masalaga uzil-kesil yechim topilmagan va muzlatilgan. Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan 11 500 km.kv hududli bu respublikada 150 mingdan ortiq kishi yashaydi va davlat tili arman tili hisoblanadi. Aslida bu hudud Ozarboyjonga tegishli bo‘lsa-da, aholining ko‘pchiligini tashkil qiluvchi armanlar o‘zlari turkiylar deb atovchilar nazorati ostida yashashni istamay, qo‘llariga qurol olishgan, bu qurolli ziddiyat uch yil davom etgan hamda faqat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim imzolangan. Tinchlik shartnomasi hamon mavhumligicha qolmoqda.
2. Qrim. Rossiya-Ukraina

Rossiya Qrim yarim oroli va Sevastopolni 2014 yilda o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Buning uchun aholi o‘rtasida o‘tkazilgan referendum natijalari asos sifatida ko‘rsatilgandi. Ammo jahon hamjamiyati bu referendum natijalarini tan olmagani holda, Rossiyaning bu harakatlarini anneksiya (boshqa davlat hududini zo‘rlik bilan tortib olish), Ukraina tomoni esa okkupatsiya (o‘zga suveren davlat hududida qurolli kuchlar ishlatish) deb baholadi. Ko‘pchilikning qarshiligiga qaramay Kreml pozitsiyasini o‘zgartirmadi va Qrim qaytarilmadi. Shundan so‘ng yetakchi davlatlar navbat bilan Rossiyaga qarshi turli-tuman sanksiyalar qo‘llay boshladi.




















