22:14 / 04.04.2019
16407

«Asrlarga tatigulik xalq dardi». Qora baxshi nega partiya safidan chiqarilgandi?

Foto: KUN.UZ

Maktab direktori lavozimida ishlagan, asli ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgan Qora baxshi 1970 yilda hali hayoti tubdan o‘zgarib ketishini bilmasdi. U 1971 yilda oila a'zolari bilan jon saqlab qolish uchun istiqomat qilib turgan Dehqonobod tumanini tark etishga, Surxondaryoning chekka joylariga borib yashashga majbur bo‘ldi. Bularning barchasi uning xalq og‘zaki ijodi — baxshichilikni targ‘ib etgani, xalq dardini kuyga solgani uchun yuz berdi. 

«Men ikki davrni ko‘rdim. Qizillar deymizmi, bolshavoylarmi, o‘sha davrda baxshichilikka qarshi katta kurash boshlandi. 50-yillarga kelib baxshichilik tugay boshladi. Baxshilarni qatl qilishdi, otishdi, qamashdi, Sibirga surgun qilishdi», — deydi u. 

Qora baxshining ta'kidlashicha, baxshining qo‘shig‘i aniq matnga ega bo‘lmagan. U doim improvizatsiya, iqtidori bilan to‘qima dostonlarni kuylagan. Masalan, dostonlar aniq bir jarayon, hodisa yo rivoyatlarga asoslanadi, baxshi esa zamonaviy davrda mavjud tuzum, siyosat, xalqning ijtimoiy ahvolini ham doston voqealariga qorishtirib tashlardi. 

«Dostonni yodlab bo‘lmaydi. Baxshi joyi kelganda o‘zidan chiqaradi, to‘qiydi. Odamlarni hayajonda ushlab turishni bilishi kerak. Buni yodlab bo‘lmaydi. Dostonlar odamni tarbiyalaydi. Ularga yaxshilik qilishni, mardlik, jasoratni o‘rgatadi. Baxshi kunduzi aytmaydi. Buniyam o‘z tarixi bor. Odamlar kunduzi tirikchilik qilgan, mol-holga qaragan, dehqonchilik yuritgan. Tunda doston eshitishgan. Umrim shu bilan o‘tdi», — deya eslaydi u avvalgi davrlarni. 

Qora baxshi Kun.uz'ga bergan qisqa intervyusi chog‘ida baxshilik san'ati paydo bo‘lib, xalq ichida shuhrat topganiga lo‘nda izoh berdi. Uning aytishicha, kishilarning ruhi, ma'naviy dunyosi dostonlar ichiga yashiringan hikmatlardan ozuqa olgan. Qadim davrdan ilk madaniyatni barpo etgan qabilalar kuy-qo‘shiq orqali bolalarga ta'lim berish, avomning dardini hukumatga yetkazish, boylarni insofga chaqirib, birdamlikka targ‘ib etgan. 

Ma'lumot uchun, 1971 yili kommunistik partiya safidan o‘chirilgan Qora baxshi SSSR «qayta qurish» siyosati davrida yana baxshilikni keng targ‘ib qilishni boshladi. U 1985 yili Xorazmda o‘tgan folklor ijodkorlar mintaqa anjumanida asosli takliflar bilan chiqib, o‘sha davrda o‘tgan ilk ko‘rik-tanlov sovrindori bo‘lgan. Ayni paytda 86 yoshga kirgan Qora baxshi Umirov 2008 yili, uning ukasi Chori baxshi ham, undan keyin avlod davomchisi Rasul baxshi ham «O‘zbekiston xalq baxshisi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid
Top