20:42 / 04.04.2019
7305

Janubiy Koreya dunyoda birinchi bo‘lib 5G tarmog‘iga o‘tmoqda  

Foto: Kim Hong-Ji / Reuters

Janubiy Koreya milliy darajada yangi avloddagi mobil aloqa tarmog‘i 5G ishga tushadigan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi. Bu tarmoq 5 aprelda ishga tushiriladi va undan Samsung Galaxy S10 smartfonlari egalari foydalana oladilar.

Janubiy Koreyaning SK Telecom telekommunikatsiya operatori 5 apreldan o‘z mijozlariga 5G standartidagi mobil aloqa xizmatini taqdim qila boshlaydi. Shu tariqa, Janubiy Koreya AQSh, Xitoy va Yaponiyani ortda qoldirib, 5G’ga o‘tgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ladi. 

Shvetsiyada avvalroq 5G tarmog‘i sinov rejimida ishga tushirilgan, biroq 5-avloddagi mobil aloqa tijoriy tarmog‘i skandinav davlatida 2021 yildan keyingina ishlay boshlashi kutilmoqda.

SK Telecom Janubiy Koreyaning eng yirik mobil operatori bo‘lib, uning mijozlari bazasi 27 mln foydalanuvchidan iborat. Kompaniyada yil oxirigacha 5G tarmoqqa 1 mln foydalanuvchi o‘tishiga umid qilinmoqda. Hozirdayoq mobil operatorda 5G’ni qo‘llab-quvvatlovchi 34 mingta aloqa stansiyasi bor bo‘lib, ular mamlakatning 85 ta shahridagi aholi gavjum hududlarni qamrab oladi. 

Yangi avloddagi tarmoq qurilmalar o‘rtasida ma'lumotlarni LTE (4G) tarmog‘idan o‘nlab marotaba tezroq uzatishga imkon beradi. Bunday tarmoqlarda ma'lumotlarni uzatish tezligi 1 Gbit/soniyadan oshishi mumkin. Axborotning bunday tez uzatilishi nafaqat oddiy foydalanuvchilarga, balki sanoatga ham yangi imkoniyatlar beradi.

Avvalroq Xitoyning Huawei kompaniyasi 5G texnologiyasini tijoratlashtirish uchun butun dunyo aloqa operatorlari bilan 22 ta shartnoma imzolagan.

Top