«O‘ztransgaz» qish mavsumidagi is gazidan zaharlanish holatlariga munosabat bildirdi
5 aprel kuni «O‘ztransgaz» AJ boshqaruvi vakillari bilan o‘tgan matbuot anjumanida 2018 – 2019 yil qish mavsumida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlarga to‘xtalib o‘tildi.
«Biz ham shu yurtning farzandimiz. Bunday ko‘ngilsiz xabarlarni eshitganimizda dilimiz og‘riydi. Yo‘qotilgan har bir hayot to‘g‘risida o‘ylar ekanmiz, ularning xonadonida gaz bilan isitish uskunalarining o‘rnatilishi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish to‘g‘risida xodimlarimiz ularni ogohlantirganmi-yo‘qmi degan fikrlar o‘tadi.
«O‘ztransgaz» AJ tizimdagi nuqsonlarni bartaraf etish, yo‘qotishlar miqdorini keskin kamaytirish, zamonaviy gaz jihozlari va energiyani tejaydigan texnologiyalarni tatbiq etyapti.
Jumladan, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda gaz taqsimoti tizimini 3 bosqichli tizimdan (yuqori, o‘rta, past) 2 bosqichli (yuqori, past) tizimga o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Dastlabki tajriba loyihasi Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Usmon Yusupov mahallasida amalga oshirildi. Bunda aholi xonadonlaridagi 189ta gaz ta'minoti tizimi 2 bosqichga o‘tkazildi, xonadonlarning kirish qismiga maxsus temir qutilarda bosim sozlagichlar (regulyator), gaz sarfini onlayn «ITRON» dasturi orqali kuzatib borish maqsadida tuman gaz dispetcherlik markazi xizmatida maxsus monitor o‘rnatildi.
Eng ahamiyatlisi, gaz sizib chiqishi va is gazini aniqlovchi 189 dona signalizatorlar o‘rnatildi. Bu tajriba-sinov loyihalari yaqin yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘rnatiladi», deya tashkilot boshqarma boshlig‘i Akmal Eshonqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etish kerakki, OAVda respublikaning turli hududlarida is gazidan zaharlanish holatlari bo‘yicha tez-tez xabarlar beriladi, o‘tgan yilning kuzida va qishda o‘nlab kishilar is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
09:39 / 24.10.2024