O‘zbekiston | 00:14 / 05.04.2019
13625
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlash davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi - Prezident qarori

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror matnida 2018 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga, birinchi navbatda, fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etuvchilar va klasterlarga 33,7 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berilgani va bu avvalgi yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘pligi ta'kidlangan.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalarining 25 foizidan ortig‘i 15 yildan ortiq muddat mobaynida ekspluatatsiya qilinmoqda, shu bois qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli va arzon texnikalar bilan ta'minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda va davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashni taqozo etadi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlashni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu jarayonga tijorat banklarining moliyaviy mablag‘larini jalb etish maqsadida Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalarning qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinmoqda:

·       mahalliy g‘alla o‘rish va paxta terish texnikalarini yetkazib berishni moliyalashtirish Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan foiz stavkasi bo‘yicha va qaytarilish muddati xarajatlar qoplanishi muddatiga qarab 7 yildan 10 yilgacha bo‘lgan qarz mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi hamda moliyalashtirish hajmi Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarini shakllantirishda belgilanadi;

·       qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxonalarning g‘alla o‘rish va paxta terish texnikasidan tashqari, respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, g‘alla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunda foiz xarajatlarini qoplashning ushbu miqdori Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining o‘zgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid