Jamiyat | 22:22 / 06.04.2019
7352
4 daqiqa o‘qiladi

Endilikda harbiy bo‘linmalar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin 

O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 28 fevraldagi qaroriga muvofiq harbiy bo‘linmalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, harbiy bo‘linmalarga topshiriladigan davlat mukofoti shon-sharaf, jasorat va iftixor ramzi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining har bir harbiy xizmatchisiga Vatani oldidagi muqaddas burchini, xalqiga sadoqati, jasorat va qat'iylikni yodiga tushirishga xizmat qiladi. 

Shu bilan birga, mukofot jangovar xizmat faoliyatida yuksak natijalarga erishganligi uchun harbiy bo‘linmalarni rag‘batlantirishning oliy shakli hisoblanadi. 

Harbiy bo‘linmalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq harbiy jamoalar “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi”, I va II darajali “Shon-sharaf” ordenlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin. 

Mukofotlash mezoniga ko‘ra, Vatanni himoya qilish uchun bo‘lgan janglarda, davlat chegarasi va davlat manfaatlarini qo‘riqlash va himoya qilishda, tinchlik va barqarorlikni saqlash bo‘yicha operatsiyalar hamda aksilterror operatsiyalar vaqtida harbiy burchni ado etishda bo‘linma ko‘rsatgan qahramonligi va boshqa xizmatlari uchun taqdirlanadi. 

Harbiy bo‘linmani davlat mukofoti bilan taqdirlash O‘zbekiston Prezidenti tomonidan, tarkibiga taqdirlashga tavsiya qilinadigan harbiy bo‘linma kiruvchi vazirlik rahbarining taqdimnomasiga ko‘ra amalga oshiriladi. 

Mazkur jarayon 4ta bosqichni qamrab oladi:

1. Tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda bo‘ysunuvchi harbiy bo‘linmalarni davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida iltimosnoma tayyorlanadi. Buni vazirliklar (idoralar) rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, birlashmalar komandirlari (qo‘mondonlari) va ularga tenglashtirilgan mansabdor shaxslar amalga oshiradi. 

2. Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirlari, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni harbiy bo‘linmani davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi iltimosnomani qo‘llab-quvvatlaydi yoki rad etadi. Qo‘llab-quvvatlangan taqdirda materiallar Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparatiga yuboriladi.

3. Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati harbiy bo‘linmani davlat mukofoti bilan taqdirlash materiallarini ko‘rib chiqadi va Prezident huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya bilan kelishadi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoniga axborot berish uchun materiallarni tayyorlaydi. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni qonunchilikda belgilangan tartibda harbiy bo‘linmaga davlat mukofotini topshiradi. 

Harbiy bo‘linmaning Jangovar bayrog‘iga ushbu harbiy bo‘linma taqdirlangan orden va medallar qadab hamda ana shu davlat mukofotlarining lentalari osib qo‘yiladi. 

Mavzuga oid