Jahon | 11:59 / 11.04.2019
4880
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing aksiyadorlari kompaniya rahbariyatini sudga berishdi

Foto: EPA

Indoneziya va Efiopiyada Boeing 737 Max samolyotlari qulagandan keyin Boeing aksiyadorlari kompaniya rahbariyati ustidan xavfsizlik borasidagi muammolarni atayin yashirgani yuzasidan sudga da'vo arizasi topshirishdi. 

Hagens Berman advokatlik kontorasi vakilining ta'kidlashicha, konsern sarmoyachilardan ikkita samolyotning halokatiga olib kelgan muammolar mavjudligini yashirishgan.

Samolyotlarning qulashi kompaniya aksiyalari narxining keskin pasayishiga olib kelgan.

Advokatlarning aytishicha, Boeing konsern rahbariyati xavfsizlikni ta'minlashning muhim tizimlari samolyotning bazaviy jihozlanishiga kiritilmay, qo‘shimcha opsiya sifatida sotilgani va shu sababli ko‘plab aviakompaniyalar ularni sotib olishmagani holatini yashirganlikda ayblanmoqda.

Bundan tashqari, Boeing samolyotlarning sertifikatlashtirilishi vaqtida AQSh federal aviatsiya boshqarmasi xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha vakolatlarning katta qismini kompaniya muhandislariga ishonib topshirganini ma'lum qilmagan.

Gap yaqqol manfaatlar ixtilofi haqida bormoqda, chunki kompaniya yangi modeli bilan bozorga tezkorlik bilan chiqishni va asosiy raqobatdoshi bo‘lgan Airbus’dan o‘zib ketishni istagan.

Advokat Rid Katraynning aytishicha, “halokatli xavflar” atayin sarmoyachilardan yashirilgan. “Boeing daromad va o‘sishga intilishni parvozlar xavfsizligidan ustunroq qo‘ygan”, deb aytgan advokat.

Konsernda aksiyadorlar arizasi bo‘yicha hozircha izoh berilmagan. Ayni vaqtda Boeing ustidan sudga aviahalokatlar qurbonlari yaqinlari ham da'vo arizasi topshirishgan. Ta'kidlanishicha, kompaniya buni hal qilish uchun bir mlrd dollarga yaqin kompensatsiya to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid